Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainaga bosqinining ikki yilligi arafasida Rossiyaga qarshi 13-sanksiya paketini ma’qulladi.

“Bugun biz Rossiya harbiy va mudofaa sektoriga nisbatan cheklov choralarini yanada kuchaytirmoqdamiz, uchinchi mamlakatlardagi uskuna yetkazib beruvchi yangi korxonalarni, shuningdek, ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishga javobgarlarni nishonga olamiz”, — dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrell.

Cheklovlar Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga tahdid soluvchi harakatlar uchun javobgar bo‘lgan 106 nafar jismoniy va 88 nafar yuridik shaxsga nisbatan joriy etildi. Bundan tashqari, sanksiyalar Shimoliy Koreyadan qurol yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchilarga, shuningdek, ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish va harbiy qayta o‘qitishga mas’ul bo‘lganlarga ham qaratilgan.

Umuman olganda, YeI sanksiyalari hozirda 2000 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.

YeI Rossiya harbiy-sanoat kompleksini bevosita qo‘llab-quvvatlovchi 27 tashkilotga qarshi qattiqroq eksport cheklovlari joriy qildi. Ushbu kompaniyalarning ba’zilari uchinchi mamlakatlarda (Hindiston, Shri-Lanka, Xitoy, Serbiya, Qozog‘iston, Tailand va Turkiya) joylashgan va savdo cheklovlarini chetlab o‘tish bilan shug‘ullanadi, boshqalari — Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uchun butlovchi qismlar yaratish, ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan Rossiya korxonalari hisoblanadi, deyiladi xabarda.

YeI, shuningdek, “Rossiya mudofaa sektorini texnologik yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan” taqiqlangan tovarlar ro‘yxatini kengaytirdi. Xususan, ro‘yxatdan dronlar ishlab chiqish va ishlab chiqarish uchun komponentlar joy olgan.

Bundan tashqari, YeI ma’murlari “Rossiyaning sanoat salohiyatini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan” tovarlar, masalan, elektr transformatorlari eksportiga cheklovlar kiritdi.

  • YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalari 12-paketi 2023-yil dekabrida qabul qilingandi. U Rossiyadan zargarlik buyumlari olmoslarini olib kirishni, shuningdek, o‘ta nozik tovarlar va texnologiyalarni reeksport qilishni taqiqlashdan iborat edi.