Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 7-dekabrdagi farmoni bilan mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tavsiyasiga ko‘ra yangi sanksiyalarni tasdiqladi, deb xabar bermoqda prezident devoni sayti.

Sanksiya ro‘yxatiga 181 nafar jismoniy va 185 nafar yuridik shaxs kiritilgan.

Ular orasida “Foton” elektronika zavodi va uning direktori, 1956-yilda tug‘ilgan Marifxo‘ja Saydumarov ham bor.

Sanksiyalar aktivlarni bloklash, davlat mukofotlaridan mahrum etish, litsenziyalarni bekor qilish, Ukraina hududida tranzit va savdo operatsiyalarini cheklash, xususiylashtirishni taqiqlash va boshqa cheklovchi choralarni nazarda tutadi. Bularning amal qilish muddati 10 yilga teng.

“Foton” korxonasi O‘zbekistonda xususiylashtirish dasturiga kiritilgan. Iyul oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 85,6 foiz davlat ulushini sotib olish uchun arizalarni qabul qilishni boshlagan.

sentabr oyi oxirida agentlik “Foton”dagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni qabul qilish muddatini 9-oktabrgacha uzaytirgan. Abrau Capital kompaniyasi ushbu bitim yuzasidan maslahatchi sifatida jalb qilingan.

“Foton” zavodi 1942-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda taxminan 68 ming kvadrat metrga teng ikkita ishlab chiqarish maydoniga ega. Davlat 296 mutaxassis ishlaydigan korxona aksiyalarining 85,6 foiziga egalik qiladi. “Foton” 30 dan ortiq turdagi yarimo‘tkazgich mahsulotlari va mikrosxemalar, televizorlar, changyutkichlar, onlayn kassa apparatlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 2020-yil dekabr oyida “O‘zeltexsanoat” Rossiya investorlariga “Foton”ning davlat aksiyalari paketini taklif qilgan.

Noyabr oyida Ukraina O‘zbekistonning “Ohangaronsement” zavodi va uning egasi Akkermann Cement CA kompaniyasini, shuningdek, Alisher Usmonovning jiyani Nasiba Narziyeva va uning turmush o‘rtog‘i Shohrux Nosirxo‘jayevlarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.

Cheklovlar ro‘yxatiga xoldingning boshqa kompaniyalari — “MegaFon”, “Metalloinvest”, USM Telecom, USM Cement, USM Gold, USM Urban Mining, USM Markirovka, Digital Invest, “Metalloinvest Treyding AG” va Hamriyah Steel FZC (“Metalloinvest”ga tegishli, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan) ham tushgan.