Yaponiya hukumati Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi, jumladan, cheklovlar ro‘yxatidan O‘zbekiston kompaniyalari ham joy oldi.

Yaponiyaning shaxslar bo‘yicha sanksiyalar ro‘yxatiga 35 kishi kiradi. 22-dekabrdan kuchga kiradigan eksport taqiqiga Rossiyadan 57 ta tashkilot, BAAdan ikkita, Suriyadan bitta va O‘zbekistondan ikkita tashkilot duch kelgan.

Xususan, Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia kompaniyalariga nisbatan cheklovlar joriy etildi. Yozda Yevropa Ittifoqi bu kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar kiritgandi.

O‘zbekiston Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, Alfa Beta Creative 2022-yil 6-iyun kuni 2 million so‘m ustav kapitali bilan Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan, asoschisi va direktori Svetlana Karimovna Xaydari, hozirda esa Oleg Valerevich Grabilin. Asosiy faoliyat turi boshqa ofis texnika va jihozlarning ulgurji savdosi.

GFK Logistic Asia 2018-yil 28-martda tashkil etilgan, ustav kapitali 200 million so‘m. Quruqlik transporti sohasida xizmatlar ko‘rsatadi. Ta’sischilari Albert Abdusamatovich Shukurov va GFK Logistic Asia bo‘lgan, hozirda Oleg Grabilin va GFK Logistic Asia.

AQSh aprel oyida ushbu o‘zbek kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritgandi. AQSh Savdo vazirligi malumotlariga ko‘ra, ular Rossiya harbiy va mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun AQSh tovarlarini sotib olishda sanksiyalarni chetlab o‘tishga harakat qilgan. Yevropa Ittifoqi iyun oyida cheklovlarga qo‘shilgan.

Tokio, shuningdek, 2024-yil 1-yanvardan sanoatda foydalanish uchun mo‘ljallanmagan Rossiya olmoslarini olib kirish taqiqlanishini ma’lum qildi.