Toshkentdagi Abdulla Qodiriy va Do‘stlik parklari BPM Smart Decision Management O‘zbekiston-Singapur kompaniyasiga har bir parkka kamida 10 mln dollardan investitsiya kiritish majburiyati bilan berilmoqda. Bu haqda shahar hokimligi qaror qabul qilgan.

Ushbu kompaniya avvalroq G‘afur G‘ulom nomli parkni rekonstruksiya qilgan edi. Ushbu bog‘ Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-avgustdagi farmoyishi va Toshkent hokimining 2019-yil 15-avgustdagi qarori bilan kompaniyaga ijaraga berilgan.

Shaharning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2021-yil dekabrida G‘afur G‘ulom parkini “investitsiya majburiyatlarini bajarmagani uchun” BPM Smart Decision Management kompaniyasidan olib, boshqa investorga berish rejalari haqida gapirgandi, ammo oxir-oqibat park shu investor ixtiyorida qolgandi. Bog‘ 2022-yil kuzida Dream Park degan muqobil nom bilan qayta ochildi.

O‘tgan juma BPM Smart Decision Management direktori Otabek Mirzajonov va uning o‘rinbosari, G‘afur G‘ulom parkining operatsion direktori Zafar Mirzaulug‘ov, shuningdek, Toshkent shahar mahallalar uyushmasi raisi Furqat Mahmudxo‘jayev Abdulla Qodiriy parkida jurnalistlar uchun press-tur uyushtirib, bu yerni rekonstruksiya qilish rejalarini ochiqladi.

abdulla qodiriy bog‘i, abdulla qodiriy parki, istirohat bog‘lari, parklar, toshkent

Taqdimotga ko‘ra, Abdulla Qodiriy parkida landshaft dizayni bo‘yicha keng miqyosli ishlar qilinishi, sayr zonalari tashkil etilishi, markaziy favvoraning qayta tiklanishi, tomosha minora qurilishi rejalashtirilgan.

Gastronomik markaz va milliy taomlardan iborat fud-kort tashkil etish, jonivorlarni himoya qilish tashkilotlari uchun uy hayvonlarining ko‘rgazmalarini uyushtirish uchun majmua qurish ko‘zda tutilgan. Bu maqsadlar uchun bo‘sh turgan “Janggoh” arenasidan mulkdorining ruxsati bilan foydalanish reja qilingan.

Park hududida Abdulla Qodiriy nomidagi kutubxona va alohida jamoat kutubxonasi ochilishi kutilmoqda.

Zafar Mirzaulug‘ovning qayd etishicha, park ostidan metro yo‘li o‘tgan, shu bois faqat yengil konstruksiyalar bilan qurilish qilish rejalashtirilgan. “Keng miqyosli qurilish bo‘lmaydi”, — dedi u.

Investorning ma’lum qilishicha, yozuvchi Abdulla Qodiriyning bog‘ ichidagi haykalini ham rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan — uning balandligini oshirish ko‘zda tutilgan.

abdulla qodiriy bog‘i, abdulla qodiriy parki, istirohat bog‘lari, parklar, toshkent

Kompaniya direktori Otabek Mirzajonovning ta’kidlashicha, parkka “bolalar maydonchalari va mexanik attraksionlarni o‘rnatish maqsad qilinmayapti, asosiy urg‘u yashil hududlarga beriladi”.

“Abdulla Qodiriy parkida qisman attraksionlar bo‘ladi. Aytganimdek, tomosha minorasi bo‘ladi. Bolalar maydonchalari va mexanik attraksionlar ko‘zda tutilmagan. Bobur (Do‘stlik — tahr.) bog‘iga qisman attraksionlar qo‘yamiz. Masalan, G‘afur G‘ulom parkida, u yerda daraxtlar ko‘p bo‘lsa ham, biz u yerga 40 ta attraksion o‘rnatganmiz, Bobur parkiga esa, rejamiz bo‘yicha, taxminan 10 ta qo‘yiladi, undan ko‘p emas. Nega attraksionlar qo‘yishimiz kerak? Har qanday parkda yashil fondni saqlash, uni kengaytirish, ishchilarning oyliklari, o‘g‘itlar, sug‘orish uchun yiliga 6 mlrd so‘mdan ko‘proq pul ketadi”, — dedi u.

Zafar Mirzaulug‘ovning so‘zlariga ko‘ra, rekonstruksiyadan so‘ng uchta park — G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy va Do‘stlik — bir-biri bilan raqobatlashadi. “Shu bois… ular bir-biriga o‘xshagan bo‘lishi kerak emas. Har biri o‘ziga xos bo‘ladi. Abdulla Qodiriy parkida milliylik ustuvor bo‘ladi, ekologik yo‘nalishda bo‘ladi”, — dedi u.

Otabek Mirzajonovning ma’lum qilishicha, hozircha loyiha bo‘yicha rasmiy shartnoma yo‘q — yuridik jihatdan park hali investorlar balansiga o‘tkazib berilmagan.

“Hozir biz davlat-xususiy sherikchiligi to‘g‘risida shartnoma tayyorlayapmiz. Yakuniy loyiha hali yo‘q. Endi bir oy o‘tdi. 12 gektarlik bunday loyiha vaqt talab qiladi. Biz sizlarni bu yerga taklif qilimizdan maqsad — loyiha haqida e’lon qilish, tug‘ilishi mumkin bo‘lgan savollarga javob berish. Daraxtlarni, suv yo‘llarini saqlab qolamiz”, — derkan, Mirzajonov aholi istaklari ham inobatga olinishi qayd etib o‘tdi.

Kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ularga Krasnodar (Rossiya)dagi Galitskiy parki yoqadi, shu bois ular ushbu parkni loyihalashtirgan Germaniya kompaniyasi bilan muzokaralar olib boryapti.

Rekonstruksiya ishlarini taxminan may oyidan boshlash rejalashtirilgan. Jazirama boshlanguniga qadar sug‘orish tizimini shay qilib qo‘yish lozim.

Abdulla Qodiriy bog‘i o‘z yerlaridan qanday qilib ayrilgan?

abdulla qodiriy bog‘i, abdulla qodiriy parki, istirohat bog‘lari, parklar, toshkent

Abdulla Qodiriy parki (birinchi suratda — 2017-yil sentabri, ikkinchisida — 2023-yil apreli). Manba: Google Earth. Sun’iy yo‘ldosh suratlaridan tijoriy obyektlar va avtoturargohlar qay tariqa park hududiga suqilib kirayotganini ko‘rish mumkin.Abdulla Qodiriy parki (birinchi suratda — 2017-yil sentabri, ikkinchisida — 2023-yil apreli). Manba: Google Earth. Sun’iy yo‘ldosh suratlaridan tijoriy obyektlar va avtoturargohlar qay tariqa park hududiga suqilib kirayotganini ko‘rish mumkin.

Otabek Mirzajonovning ma’lum qilishicha, Abdulla Qodiriy parkining hududi aslida 16 gektar bo‘lgan, ammo 5 gektari quruvchi-kompaniyalarga berilgan. Hozirda uning hududi — 11 gektar.

“Parkning birinchi direktori so‘zlariga ko‘ra, 2017-yilda bu yerda 16−17 mingtacha daraxt bo‘lgan, hozir esa 5−5,5 mingta daraxt qolgan. Ishonch bilan aytishim mumkinki, biz birorta ham daraxtga shikast yetkazmaymiz, yangi tur daraxtlarni o‘tqazishimiz mumkin hatto. Biz birinchi galda 15 kishilik shtat ochib, butun parkni chiqindidan tozalashni maqsad qilganmiz”, — dedi Zafar Mirzaulug‘ov.

2019-yil sentabrida Toshkent shahar hokimligi Jahongir Ortiqxo‘jayev rahbarligida tadbirkorlarni Abdulla Qodiriy parki hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga taklif qilgandi. Bu yerda Abdulla Qodiriy sharafiga yangi haykal o‘rnatilishi, parkning o‘zi yangilanishi kutilgan edi.

16,5 gektarlik park hududi 14 ta loyihaga ajratilgan, ular orasida Qodiriyning yangi haykali, Qodiriy nomidagi maktab va kutubxona, milliy uslubdagi mehmonxona, umumiy ovqatlanish muassasalari (xususan, o‘zbekcha choyxona), savdo rastalari va hunarmandchilik ustaxonalari, muzey kabi loyihalar bor edi.

Park Toshkentning Eski shahar qismining o‘ziga xos davomi bo‘lishi, Chorsu bozori, qurilishi davom etayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Hazrati Imom majmuasi bilan birga yaxlit umumiy ansambl hosil qilishi ko‘zda tutilgan edi.

Shahar ma’muriyati parkning bir qismida “Abdulla Qodiriy yashab, ijod qilgan davr ruhini o‘zida aks ettiruvchi” etno-park va etno-shaharchani o‘z ichiga olgan majmua tashkil etilishini ham ma’lum qilgandi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, loyiha realizatsiyasi uchun 60 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘, jumladan, maktab va haykal uchun 40 mlrd so‘m, uy-muzey uchun 12 mlrd so‘m, yaqin atrofdagi uy egalariga kompensatsiya uchun 10 mlrd so‘m kerak edi. Loyihalar uchun budjet mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilmagan edi.

Parkning bir qismi Yaponiyaning H. I. S Hotel Holding kompaniyasiga mehmonxona qurilishi uchun berilgan (ular bu yerda Inspira-s Hotel mehmonxonasini qurgan).

2021-yil martida Qozog‘istonning BI Group kompaniyasi park hududida Hampton by Hilton brendi ostida mehmonxona qurmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi.

Keyinroq park operativ boshqaruv huquqi bilan Olmazor Business City direksiyasi balansiga o‘tkazildi.

2022-yil fevralida Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi parkdagi 64 ta daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganini ma’lum qildi. Xitoyning Wan Li kompaniyasi vakili boshqa tadbirkorlar bilan birga loyiha amalga oshirish uchun park hududidan yer sotib olib, hisobga olingan 177 daraxtdan 64 tasini boshqa joyga ko‘chirgani haqida xabar bergandi.

O‘sha yil martida park dastlab Landshaft dizayni assotsiatsiyasi bilan birga boshlanganu, ammo keyinchalik “mablag‘ yetishmovchiligi” sabab butunlay to‘xtab qolgan rekonstruksiya ishlari uchun yopildi. Noyabr oyida shahar kengashi park rekonstruksiyasi uchun 35 mlrd so‘m ajratilishini ma’qulladi. Bu vaqtga kelib park hududida ishlar boshlangandi. Bu ishlar uchun Olmazor Business City direksiyasi 5 mlrd so‘m ajratgan edi, ammo “tasdiqlangan moliyalashtirish qisman tushgandi”.

Qonunchilikka muvofiq, xususiy investor tashabbus bilan chiqib, parkni yoki uning bir qismini davlat-xususiy sherikchiligi doirasida ijaraga olishi mumkin. Ayni vaqtda, investordan ariza kelib tushganidan so‘ng, davlat buyurtmachisi Madaniyat vazirligi saytida va OAVda tanlov e’lon qilishi lozim, ammo Abdulla Qodiriy bog‘i bilan bog‘liq holatda tanlov ovoza qilingani yo‘q.

Agar faqat bitta taklif tushsa, tanlov o‘tkazilmaydi.

Avvalroq “Gazetы.uz” kolumnisti Botir Qobilov hukumat parklarni “foyda keltirmayapti” deb hisoblab xato qilayotganini, zotan parklar odamlar va umuman shahar uchun o‘ylanganidan ancha ko‘p qiymat keltirishini ta’kidlab o‘tgandi. U parklarni qutqarishga va ularni o‘zining haqiqiy egalari — odamlarga qaytarishga zudlik bilan kirishishga chaqirgan edi.