O‘zbekistonda 1-martdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beriladi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 18-yanvardagi qarorida ko‘zda tutilgan.

2021-yil 1-avgustdan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlarini ochiq elektron tanlov orqali faqat ijara huquqi asosida berishga ruxsat berilgandi.

Farmonga muvofiq, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari 30 yil muddatga ijaraga beriladi. Bunda boshlang‘ich narx yer uchastkasining normativ qiymati miqdorida belgilanadi.

Onlayn auksion g‘oliblariga yer uchastkasining narxini uch yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruhsat beriladi.

Dehqon xo‘jaligi, yakka tartibda bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilikni yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘olibi bo‘lgan “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Elektron onlayn auksion savdolari orqali ijara huquqini sotishdan olingan mablag‘lar ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin operator xizmat haqi chegirilgan holda quyidagi tartibda taqsimlanadi:

  • 10 foizi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarga (2 foiz — “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJga, 3 foiz — “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga, 5 foiz — Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasiga);
  • bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida — yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning hisobvarag‘iga;
  • qolgan mablag‘lar — tegishli tuman yoki shahar mahalliy budjetiga tushadi.

Farmon bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlari, Kadastr agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda mart oyigacha 15 ming 626,8 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish topshirildi. Bunda jarayonni aholi punktlariga yaqin, suv ta’minoti yaxshi, unumdorligi yuqori bo‘lgan, maydoni, qoida tariqasida, 5 gektardan yuqori konturlarni 1 gektargacha lotlarga bo‘lgan holda amalga oshirish kerak.

1-martdan boshlab ochiq elektron tanlovga chiqarilgan va g‘olib aniqlanmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari avtomatik tarzda elektron onlayn auksionlarga chiqariladi.

2021-yil iyun oyida prezident yerga bo‘lgan huquqlarni bozor aktiviga aylantirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Hujjat bilan hokimliklarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, zaxiralash, obodonlashtirish uchun berish va hokazolar taqiqlangan. Yerga bo‘lgan huquqlarning turlari 6 tadan 3 taga qisqartirilgan. Yer uchastkalari xususiy sektorga mulk va ijara asosida, davlat tashkilotlariga esa doimiy foydalanish huquqi asosida berilishi belgilangan.