Valijon Yusupovich Adizov Navoiy viloyati Karmana tumani hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

U lavozimga tayinlangunga qadar Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Avvalgi hokim Faxritdin Umarov bu lavozimda 2016-yildan beri faoliyat yuritayotgandi. U mayning fermalari tomonidan elektr energiyasining yirik miqdorda o‘g‘irlanganini payqamagani uchun 2023-yil oktabr oyi oxirida prezident yig‘ilishidan so‘ng ishdan bo‘shatilgandi.

Karmana tumani 1920-yillarda Kermana nomi bilan tashkil topgan. 1938-yilda Buxoro viloyati tarkibiga kirgan. 1958-yilda Navoiy tumani deb atala boshlagan. 1982-yilda Navoiy viloyati tarkibiga kiritilgan. 1988−1992-yillarda yana Buxoro viloyati tarkibiga qo‘shilgan. 2003-yilda nomi Karmanaga o‘zgartirilgan va tuman markazi Navoiydan Karmanaga ko‘chirilgan.

Avvalroq Baxtiyor Begmatov Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga hokim etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.