Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) boshqaruvchilari kengashi O‘zbekistonda beshta yangi milliy loyihani amalga oshirish bo‘yicha texnik hamkorlik dasturini tasdiqladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Ulardan uchtasi atom sanoati infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha milliy salohiyatni oshirish, atom energetikasini samarali tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash, shuningdek, yadroviy xavfsizlik, O‘zbekiston tadqiqot yadro reaktorining foydalanish ko‘rsatkichlarini oshirish va samarali foydalanishga qaratilgan.

To‘rtinchi loyiha suv resurslari va barqaror izotoplardan foydalangan holda ifloslanish manbalarini monitoring qilish uchun barqaror izotop laboratoriyasini tashkil etishni nazarda tutadi. U Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

“Saratonni davolashda radiatsiyaviy tibbiyotni kengaytirish va mustahkamlash” deb nomlangan beshinchi loyiha O‘zbekistonda yuqori sifatli nur terapiyasi, diagnostik radiologiya va boshqa yadro tibbiyoti texnologiyalarini joriy etish orqali saraton kasalligidan o‘lim darajasini kamaytirishni nazarda tutadi.

Loyihadan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, saratonning turli turlarini tashxislash va davolash bo‘yicha milliy tavsiyalarni ishlab chiqish, tibbiyot xodimlarini keng qamrovli tayyorlash maqsad qilingan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida yadro tibbiyoti sohasida strategik sheriklik, 2023−2024-yillarda kadastr baholash tizimini yaratishda O‘zbekiston tomoniga tekin texnik yordam ko‘rsatish, Rossiyaga paxta ip-kalavasini yetkazib berish to‘g‘risidagi hujjatlar imzolangandi.

2022-yil noyabr oyida Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “medgorodok”da barpo etilayotgan yangi onkologiya majmuasida ilk bor yadro tibbiyoti bo‘limini tashkil etish rejalari e’lon qilingan.