Niderlandiya regulyatori Rossiyaning Yango taksi xizmatini RF razvedka xizmatlari undan Yevropadagi foydalanuvchilar ma’lumotlarini yig‘ishda foydalanayotgani borasidagi xavotirlar tufayli tekshirishni boshladi, deya xabar bermoqda Bloomberg.

“Biz Yango`ga nisbatan tergov boshlaganimizni tasdiqlashimiz mumkin”, — dedi Niderlandlar ma’lumotlarini himoya qilish boshqarmasi vakili agentlik so‘roviga javoban. Boshqarma qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortdi.

Yango — Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasining xalqaro brendi. Xizmat Amsterdamda ro‘yxatdan o‘tgan Yandex N.V. internet kompaniyasiga tegishli va 2018-yildan buyon Yevropaning bir qator davlatlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Yango nomi Yandex Go qisqartmasidan kelib chiqqan.

Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi qoidalarini buzish holatlari yuzasidan tergov olib borilmoqda. Niderlandiya rasmiylari, xususan, Rossiyada 1-sentabrdan kuchga kirgan va taksi xizmatlarini o‘z mijozlarining FSBga safarlari haqidagi ma’lumotlarni o‘tkazish majburiyatini yuklagan qonundan xavotirda, deb yozadi Bloomberg.

Yango agentlikka GDPR (General Data Protection Regulation — Yevropadagi ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun) talablariga rioya etishini namoyish qilish uchun Niderlandiya regulyatori bilan hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, xizmat avval Finlyandiya va Norvegiyaning nazorat organlari tomonidan sinovdan o‘tkazilgan va ma’lumotlarni qayta ishlash “yevropalik foydalanuvchilarning asosiy huquq va erkinliklariga bevosita tahdid solmasligini” ko‘rsatgan.

Yango`ning Finlyandiya va Norvegiyada tekshirilishi

Avgust oyida Finlyandiya va Norvegiya hukumatlari ham Yango`ni Rossiyaning yangi qonuni yuzasidan tergov qilgan edi. Ushbu mamlakatlar nazorat organlari kompaniyaga har qanday mijoz ma’lumotlarini Rossiyaga o‘tkazishni vaqtincha taqiqladi.

“Maxfiylik uchun jiddiy xavflar mavjud, chunki Rossiya hukumati Yango orqali Norvegiya fuqarolarining harakatlanishini kuzatishi mumkin”, — dedi Norvegiyaning ma’lumotlarni himoya qilish boshqarmasi.

Kompaniya “RF huquqiy me’yorlari Yango xalqaro biznesi bo‘yicha yurisdiksiyaga ega emas”ligi va Rossiyadan tashqarida safar qiluvchi Yango foydalanuvchilariga taalluqli emasligiga ishontirdi.

sentabr oyi oxirida Finlyandiya ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha vakolatli idorasi o‘z tekshiruvini yakunladi va taqiqni bekor qildi. Helsingin Sanomat bunga Rossiya qonunchiligi Yango`ning Finlyandiyadagi faoliyatiga taalluqli emasligi asos bo‘lganini yozdi.

Qozog‘istonda “Yandeks” faoliyatining to‘xtatilishi

“Yandeks” Qozog‘istonda ham shaxsiy ma’lumotlar masalasida muammolarga duch kelgandi. Avgust oyida Qozog‘iston hukumati serverlari mamlakat tashqarisida joylashgani sababli oyiga 10 mln kishilik auditoriyaga ega yandex.kz domenini vaqtincha o‘chirib qo‘ygan edi.

Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi, shuningdek, “Yandeks”dan uning “maxsus organlar bilan o‘zaro aloqasi” haqida ma’lumot talab qildi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, Rossiya maxsus xizmatlari Rossiyadan tashqarida foydalanuvchi ma’lumotlariga kirish imkoniga ega emasligiga ishontirdi. Keyinroq “Yandeks” yandex.kz mahalliy domeni serverlarini Qozog‘istonga o‘tkazishga rozi bo‘ldi.

Yandex Go va O‘zbekistondagi soliqlar

sentabr oyida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Yandex Go xizmatlarini taqdim etuvchi Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Ridetech International B.V kompaniyasidan 1-dekabrgacha O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish, soliqlarni to‘lash va mijozlarga fiskal chek taqdim etishni talab qildi. Qo‘mita talablar bajarilmasa, platforma bloklanishini bildirdi.

Qo‘mitaning tushuntirishicha, Ridetech International kompaniyasining O‘zbekistondagi manbalaridan olinadigan daromadlari soliqqa tortilmaydi, chunki O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasida daromadlarga ikki tomonlama soliq solishning oldini olish bo‘yicha kelishuv mavjud.

Yandex Go Soliq qo‘mitasining talabiga rozi bo‘ldi va kompaniya tez orada zarur ro‘yxatdan o‘tishini ma’lum qildi.