23-aprel kuni Navoiy viloyatining Karmana tumanida o‘lim bilan yakunlangan YTH sodir bo‘ldi.

Viloyat YHXB matbuot kotibi Fayoz Qosimovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Navoiy shahridagi 11-maktab, shuningdek, Karmana tumanidagi 5 va 7-maktab o‘quvchilari (8−9-sinflar) o‘zganing Matiz avtomashinasini minib, viloyatning Nurota tumaniga borgan. Avtomobilni haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan voyaga yetmaganlar boshqargan.

Qaytishda rulda o‘tirgan o‘quvchi boshqaruvni yo‘qotgan va mashina YTHga uchragan. Oqibatda ikki nafar o‘quvchi voqea joyida halok bo‘lgan. Uchinchisi og‘ir tan jarohatlari bilan Karmana tumani markaziy shifoxonasiga yetkazilgan. Hozir u og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limida qolmoqda.

“Holat yuzasidan ekspertiza tayinlangan, tergovga qadar tekshiruv harakatlari ketmoqda. Respublika bo‘yicha yoshlar orasidagi YTHlar ko‘paygan. Shu sababli ota-onalarni farzandlariga mashinani topshirishida hushyor bo‘lishga chaqiramiz”, — dedi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakili.

2023-yilda O‘zbekistonda 9839 ta (-0,6%) yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ularda 9209 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 2282 nafari (-3,1%) halok bo‘lgan. 1794 ta baxtsiz hodisada 1568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafar bola halok bo‘lgan. O‘zbekiston YHXB o‘z oldiga o‘tgan yil davomida yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlarini 15 foizga kamaytirish vazifasini qo‘ygandi, biroq bunga erisha olmadi.