Dam olish kunlari harorat biroz ko‘tariladi

O‘zbekistonda salqin havo chekina boshladi va harorat asta-sekin ko‘tarilmoqda. Dam olish kunlari harorat kunduz kunlari +35…+37, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +38…+39 darajagacha bo‘ladi.

“Dok-1 Maks” ishi: advokatlar yana jurnalistlarni suddan chiqarib yuborishni talab qildi

Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi dorilarini iste’mol qilish oqibatida vafot etgan 65 bolaning o‘limi bo‘yicha navbatdagi sud majlisida advokatlar yana jurnalistlarni zaldan chiqarib yuborishni talab qildi. Sudya jarayonni noto‘g‘ri yoritayotgan jurnalistlar emas, turli Telegram kanallari ekanini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Undan asosiy yangilik va iqtiboslar:

Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillarining bir guruhi mukofotlandi

Tadbirkorlar kuni munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev bir guruh soha vakillarini mukofotlash to‘g‘risida farmon imzoladi.

Tax Gap amaliyoti va QQS guvohnomasini to‘xtatib turish bekor qilinadi

Prezident 1-oktabrdan QQSni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyenti (tax gap) bekor qilinishini bildirdi, so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 70 foizi buni adolatsiz deb hisoblaydi. “Kudbiyev, bu senga va tizimingga baho”, — dedi u. QQS guvohnomasining amal qilishini to‘xtatib turish ham bekor qilinadi.

Tadbirkorlardan kameral nazoratda hujjat taqdim etishi va soliq idorasiga borishi talab etilmaydigan bo‘ldi

Prezident kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketganini bildirdi. Endilikda nazorat vaqtida tadbirkordan qo‘shimcha hujjatlar talab qilish yoki uni soliq idorasiga chaqirish taqiqlanadi. Tadbirkorlar soliq organlari xodimlari ishini yangi platforma orqali baholaydi, — dedi davlat rahbari.

“Biz birovga qaram bo‘lmaymiz”. Shavkat Mirziyoyev — Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘l haqida

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘l Janubiy Osiyoga chiqadigan “eng ma’qul, arzon va xavfsiz yo‘l” ekanini aytdi. “Mana shu ikkita katta temiryo‘l bo‘lsa, biz ham tarif orqali manfaat ko‘radigan davlatga aylanamiz, birovga qaram bo‘lmaymiz”, — dedi prezident.

“Soliq to‘lamagan tadbirkorlar bizga do‘st emas” — Shavkat Mirziyoyev

Prezident O‘zbekistonda “xufiyona iqtisodiyot” ulushini 40 foizdan ortiq deb baholadi. Bu ko‘rsatkichni kamaytirish uchun tadbirkorlarni halol va ochiq ishlashga chaqirdi. “Soliq to‘lamaydigan tadbirkorlar bizga do‘st emas, u ham iqtisodiyotimizga, ham bizga dushman”, — dedi u.

“Qishloq qurilish bank” Biznesni rivojlantirish bankiga aylantiriladi — prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda “Qishloq qurilish bank” Biznesni rivojlantirish bankiga aylantirilishini ma’lum qildi. Yangi bank tadbirkorlarga 1-oktabrdan boshlab 5−7 yil muddatga imtiyozli kreditlar ajratadi.

Markaziy Osiyoning besh mamlakati prezidentlari sentabr o‘rtalarida Dushanbeda uchrashadi

14−15-sentabr kunlari Dushanbe shahrida Markaziy Osiyoning besh mamlakati rahbarlarining maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Tojikiston, shuningdek, sammit doirasida 12 ta parallel tadbir, jumladan, iqtisodiy forum, olimlar forumi va faol ayollar uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston davlat idoralariga 213 ming yevroga teng texnik jihozlarni topshirdi

Yevropa Ittifoqi moliyalashtiradigan Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi O‘zbekistonning DXX Chegara qo‘shinlari, Bojxona instituti, Tashqi hamda Ichki ishlar vazirligiga jami 213,3 ming yevroga teng texnikalarni topshirdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo aylanmasini oshirish va hamkorlikni muhokama qildi

2023-yilning 5 oyi davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 13,3 foizga o‘sib, 215,8 mln dollarga yetdi, deya xabar qilindi hukumatlararo qo‘shma komissiyaning Cho‘lponotadagi yig‘ilishida. Tomonlar bu ko‘rsatkichni 2 mlrd dollarga yetkazish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi.

Zoyir Mirzayev Qibray tumanidagi rahbarlarni yoppasiga ishdan oldi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qibray tumanidagi deyarli barcha rahbarlarni ishdan bo‘shatib, ularning faoliyatini tekshirishga topshiriq berdi. Hokim bo‘sh o‘rinlarga yoshlar ishga olinishi, hududga “yangi qon” kerakligini ta’kidladi.

“Yangiyo‘l tumani g‘alladan bo‘shagan yerlarni yoqish bo‘yicha „chempion“ bo‘ldi” — Zoyir Mirzayev

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yangiyo‘l tumani g‘alladan bo‘shagan 171 gektar yerni yoqib, “chempion” bo‘lganini ta’kidladi. Avvalroq Toshkentda bir necha bor tutun va kuchli kuyindi hidi sezilgandi, biroq rasmiylar havo sifati yomonlashgani bo‘yicha biror izoh bermagan.

Toshkent mahalliy aeroporti binosi oldiga avtomobillar kirishi mumkin bo‘ladi

Toshkent aeroporti mahalliy terminali oldidagi panjara demontaj qilinib, rekonstruksiya ishlari boshlandi. Binoga mashinada kirib borish va 5 daqiqagacha qolish mumkin. Yil oxiriga qadar O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlar oldidagi maydonning rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanadi.

“Gazeta.uz"da e’lon qilingan maqolalar:

“Bir kun suv berishadi, keyin bir necha oy suvsiz o‘tirasiz”. O‘zbekistonliklar — suv bilan bog‘liq vaziyat haqida

O‘zbekistonda ichimlik suvi tariflari ko‘tarilishi, Qoraqalpog‘istonda sholi yetishtiriladigan maydonlarning qisqarishi, Qirg‘izistonning Qozog‘istonga sug‘orish uchun suv berishni to‘xtatgani mintaqada suv inqirozi kuchayib borayotganidan dalolat beradi. “Gazeta.uz” hududlardagi suv bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi.

Toshkent xalqaro aeroportidagi masofaviy bojxona nazorati tizimi qanday ishlaydi?

Toshkent xalqaro aeroportida uchib ketuvchilar uchun bojxonaning qizil va yashil yo‘laklari o‘rniga masofaviy bojxona nazorati tizimi joriy etildi. U vaqtni tejaydi, jismoniy shaxslar va ularning qo‘l yuklari vizual nazoratdan o‘tadi. Yangi tartib haqida batafsil “Gazeta.uz” reportajida.