Yangi O‘zbekistonning an’analaridan biri — bu strategiyalar hisoblanadi. Ilgari ular har besh yillik davr uchun qabul qilingan bo‘lsa — 2017-yilda 2017−2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-yilda esa 2022−2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi qabul qilingandi — “Yangi O‘zbekistonni barpo etish”ga qaratilgan yangi strategiya loyihasi, yangi voqelikdan kelib chiqib, yetti yillik muddat uchun ishlab chiqilgan.

Davlat rahbarining umumxalq muhokamasi uchun taqdim etilgan ““O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2023-yilda strategiyani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori loyihasiga ko‘ra, ustuvor yo‘nalishlardan biri — har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish hisoblanadi. Buning uchun, jumladan, aholi talablari va xalqaro andozalarga javob beradigan ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

Hujjat loyihasida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar ushbu maqsadga qay darajada mos keladi? “Gazeta.uz” kolumnisti, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov buni ta’lim misolida tahlil qiladi.

Maktab-internatlarning yangi tarmog‘i: tengsizlik bilan bog‘liq vaziyatni davom ettirishmi?

“Umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga ko‘tarish” maqsadida 2030-yilgacha 208 ta “Iste’dod-Intilish-Istiqbol” maktab-internatlarini tashkil etish taklif etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev O‘zLiDePdan nomzod sifatida, o‘z saylovoldi tashviqotlari chog‘ida barcha shahar va tumanlarda “shart-sharoitlari Prezident maktablarinikidan kam bo‘lmagan” ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishini va’da qilgandi. Maktablarning “oddiy” va “maxsus maktablar”ga bo‘linishi prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligining tashkil etilishi bilan boshlangandi.

Bolalarga intellektual qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda alohida ta’lim berish (tracking) “qobiliyatli” bolalarni yaxshiroq rivojlantirish, o‘qitish davomida ularning ehtiyojlarini hisobga olish va, umuman, ta’lim sifatini oshirish imkonini beradi, degan mulohaza mavjud. Biroq, ushbu yondashuvning samaradorligini tasdiqlovchi ishonchli ilmiy dalillar mavjud emas. Aksincha, ta’lim sohasidagi ko‘plab tadqiqotchilar va amaliyotchilar barcha uchun sifatli ta’lim olishning teng imkoniyatlari yaratilishi mamlakat inson kapitalini rivojlantirishga yanada yaxshiroq hissa qo‘shadi, degan fikrda.

Toronto universiteti tadqiqotchilari yigirma yillik ma’lumotlarga tayanib, bolalarni qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda alohida o‘qitish (tracking) butun mamlakat bo‘ylab umumiy ta’lim sifati va bolalarning akademik ko‘rsatkichlaridagi tafovutlarga qanday ta’sir qilishini tahlil qilgan. Ular ta’limda samaradorlikka erishish uchun tenglik tamoyilini qurbon qilish (equality-efficiency trade-off) kutilgan natijalarni bermaydi, degan xulosaga kelishgan: mazkur amaliyotning sifatga o‘rtacha ta’siri deyarli nolga teng, bolalar o‘rtasidagi tengsizlik esa kuchayadi.

Boshqa bir guruh tadqiqotchilar ham, ta’lim sifati bo‘yicha PISA, PIRLS va TIMMS xalqaro tadqiqotlari ma’lumotlarini tahlil qilish asosida, shunga o‘xshash xulosaga kelishgan: bolalarni qobiliyatlariga ko‘ra ajratish amaliyotini joriy etgan mamlakatlar sifat borasida hech narsaga erishmaydi, biroq ta’limdagi muvaffaqiyatlar borasida bolalar o‘rtasidagi tengsizlikni kuchaytiradi.

PISA tadqiqotining asoschisi, IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, OECD) bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maslahatchisi Andreas Shlyayxer o‘zining “Jahon darajadasigi ta’lim. 21 asr maktab tizimini qanday barpo etish lozim” kitobida shunday yozadi: bolalarni qobiliyatiga qarab tanlab olish va ularga alohida ta’lim berish ta’lim sifatini oshiradi, degan fikr shunchaki afsona. Bunday yondashuv qo‘llaniladigan mamlakatlarning hech biri PISA tadqiqotlarida yetakchilar safidan o‘rin ololmaydi.

Darhaqiqat, masalan, o‘tgan yili tajribasi joriy etilishi haqida bot-bot gapirilgan Finlyandiya kabi mamlakatlarda sifatli ta’lim xizmatlaridan foydalanishda teng imkoniyatlar va barcha maktablarga bir xil munosabatda bo‘lish ta’lim siyosatining tamal toshi hisoblanadi. O‘quvchilari PISA da munosib natijalarni qayd etib kelayotgan boshqa bir davlat — Vetnamda ham birinchi navbatda tenglikka ustuvorlik beriladi.

Qozog‘istondagi Nazarboyev maktablari (ehtimol bizdagi prezident maktablari uchun aynan ular ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgandir) tajribasini tahlil qilar ekan, aynan o‘sha IHTT tadqiqotchilari va jurnalistlar bir xil xulosaga keladi: bu maktablar o‘rta ta’lim ijtimoiy ne’mat bo‘lishi, hech qanday istisno va raqobatsiz foydalanish mumkin bo‘lishi, bir o‘quvchining sifatli ta’lim olish imkoniyati boshqa bir o‘quvchining aynan shunday sifatli ta’limdan bahramand bo‘lish imkoniyatini cheklamasligi lozim, degan tamoyilga zid.

Biroq, Nazarboyev maktablarining moliyalashtirish manbalaridan imtiyozli asosda foydalanish imkoniyati, bunday maktablarga qabul vaqtidagi kuchli raqobat, o‘quvchilar kontingentining bosqichma-bosqich bir xillashtirilishi (bu tanlovlardan asosan imtihonga pullik asosda tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lgan oilalar farzandlari muvaffaqiyatli o‘tadi) — bularning barchasi tengsizlikka hissa qo‘shmoqda. Ushbu maktablar butun mamlakat bo‘ylab ta’lim oluvchilarning bor-yo‘g‘i 0,4 foizini qamrab oladi va har bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan sarflar mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3 karra yuqori. Biroq, xalqaro tadqiqotlarda yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar ulushi kichikligicha qolmoqda va bu maktablarning butun mamlakat miqyosida umumiy inson kapitaliga ta’siri munozarali.

Keling, endi yuqorida aytilganlarni bizdagi prezidentlik maktablari misolida ko‘rib chiqamiz. Prezident maktablariga rahbarlik qiluvchi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ikki yuzga yaqin maktab uchun davlat budjetidan o‘n minglab “oddiy” maktablarga yo‘naltirilayotgan mablag‘larga teng miqdorda mablag‘ ajratiladi. Joriy yilda prezident maktablariga bir o‘rin uchun o‘rtacha 169 nafar o‘quvchi o‘zaro raqobatlashdi.

Bunday kuchli raqobatda, ehtimol, boshlang‘ich sinf dasturi darajasidan yuqori darajadagi test sinovlaridan, repetitorlar, pullik kurslar va xususiy maktablarda emas, “oddiy” maktablarda olgan bilimlari bilan o‘tayotgan o‘quvchilarning foizi qancha? Prezident maktablariga asosan pullik ta’lim xizmatlaridan foydalanishga moliyaviy imkoniyati yetadigan oilalar farzandlari qabul qilinib, sifatli ta’lim olish borasidagi tengsizlikni kuchaytirib yubormayaptimi?

Yuqorida tadqiqotchilar bolalarni ajratish va saralab olingan bolalarni “maxsus” dastur bo‘yicha “maxsus” shart-sharoitlarda o‘qitish g‘oyasiga shubha bilan qarashlari haqida yozdim. Hozircha O‘zbekistonda “maxsus” shart-sharoitlarga ega bo‘lgan prezidentlik va ixtisoslashtirilgan maktablar boshqacha — boshqa mamlakatlar olimlarining xulosalaridan farqli — natija berishi haqida ishonchli ilmiy dalillar mavjud emas. Ushbu tajribaning umumiy ta’lim sifati, sifatli o‘rta ta’limdan foydalanishdagi tenglik va o‘quvchilarning akademik ko‘rsatkichlaridagi tafovutlarga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar mavjud emas.

Biroq, bizda maktablarni ajratish amaliyoti kelgusida ham davom ettiriladigan ko‘rinadi. Bu qanday natijalarga olib kelishi mumkinligini bilamizmi? Bu belgilangan maqsad — “har bir inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish” ustuvorligiga qay darajada mos keladi?

Xorijlik o‘qituvchi mutaxassislar: kafolatlangan sifatmi yoki “kargo kulti”?

“Strategiya-2030”da belgilab berilgan ta’lim islohotlarining yana bir yo‘nalishi — chet tillarini o‘qitish uchun har yili 500 nafar shu tilda so‘zlashuvchi o‘qituvchilarni ta’lim muassasalariga jalb etish. Bu ham saylovoldi tashviqotlari vaqtida yangragan edi. Xorijlik mutaxassislarga qancha haq to‘lanishi ochiqlanmadi, shunga qaramay, masalan, prezident maktablarida xorijlik o‘qituvchilarga oyiga 4200 dollar maosh, shuningdek, turar joy, tibbiy sug‘urta, aviatsiya, kommunal va internet xizmatlari harajatlarini qoplab berish taklif etilmoqda. Taqqoslash uchun: mahalliy o‘qituvchilarning 2025-yilga borib 1000 dollarga yetishi va’da qilingan oylik maoshi bugungi kunda o‘rtacha 3 million so‘mni tashkil etadi, bu esa mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi darajasidan ancha past.

O‘qituvchining ona tilisi ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida ishonchli dalillar topa olmadim. Esseks universiteti tadqiqotchisi (Buyuk Britaniya) Vivian Kukning yozishicha, ona tili bo‘lmagan tildan dars beruvchi chet tili o‘qituvchilari til egalari bo‘lgan o‘qituvchilarga nisbatan bir qator afzalliklarga ega, masalan, o‘quvchilarning ona tilisini bilishi va uning chet tilini o‘rganish jarayoniga ta’sirini hisobga olish kabi. Turkiyada o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, chet tili o‘qituvchisining til egasi bo‘lishi o‘quvchilarning motivatsiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq motivatsiya o‘quvchilarning muvaffaqiyatiga ta’sir qiluvchi yagona omil emas. Pensilvaniya universitetidan (AQSh) boshqa bir tadqiqotchining ta’kidlashicha, chet tilidan dars berishda shu til egasi bo‘lgan o‘qituvchining ushbu til egasi bo‘lmagan o‘qituvchidan ustun ekanligi — shunchaki afsona.

Chet tili — maktabda o‘qitiladigan yagona fan emas. Chet tillarini o‘qitish uchun shu tilda so‘zlashuvchilarni jalb qilishga ketadigan xarajatlarni boshqa — ta’lim sifatiga ta’siri xalqaro tadqiqotlar tomonidan tasdiqlangan narsalar uchun, masalan, maktablarni laboratoriyalar yoki boshqa resurslar bilan jihozlash uchun ishlatilishi mumkin edi. Va o‘sha va’da qilingan oyiga 1000 dollarlik maosh — vaqti-vaqti bilan yuzaga keladigan sertifikatlar muammosisiz sharoitda — maktablarga o‘z fanini chet elliklardan kam bilmaydigan o‘qituvchilarni jalb qilishga yordam bergan va bu davlat uchun arzonroq tushgan bo‘lardi.

Bundan tashqari, maktablar soni jalb etilishi ko‘zda tutilayotgan chet ellik o‘qituvchilar sonidan ancha ko‘p — bu chet ellik o‘qituvchilar maktablar o‘rtasida qanday mezonlar asosida taqsimlanishi noma’lum. Yana shu savol: bu belgilangan maqsad — “har bir inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish” ustuvorligiga qay darajada mos keladi?

Maktab dasturi, darsliklar va boshqa qiziq jihatlar

Dasturda yana bir qator qiziq, biroq tushunarsiz jihatlar mavjud.

Strategiya doirasida 2023−2024 o‘quv yilida butun mamlakat bo‘ylab 120 dan ortiq maktabda, tajriba tariqasida, yuqori sinflar uchun tanlov fanlarini joriy etish nazarda tutilgan. Joriy etilayotgan yangiliklar bilan bog‘liq masalalar xususida allaqachon yozganman. Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirining ushbu tartibni (darvoqe, ushbu tartibni joriy etishni nazarda tutuvchi strategiya loyihasi muhokamasi tugashidan ancha oldin qabul qilingan) joriy etish to‘g‘risidagi buyrug‘ining yakuniy tahririda majburiy fanlar ro‘yxatiga faqatgina rus tili, fizika, kimyo va biologiya kiritildi va bu fanlar uchun bir soatdan vaqt ajratildi. Biroq, avvalroq ko‘targan boshqa masalalarim yuzasidan hech qanday yechim ko‘rmadim.

Geografiya, iqtisodiy bilim asoslari, huquqshunoslik — kim va qanday asosga ko‘ra bu fanlar yuqori sinf o‘quvchilari uchun kerak emas, degan qarorga keldi? Tanlov fanlari bo‘yicha katta miqdordagi qo‘shimcha soatlar evaziga qanday bilim, ko‘nikma, malakalarni rivojlantirish nazarda tutilgan? Majburiy fanlar bo‘yicha qisqartirilgan soatlar hisobiga ushbu fanlar bo‘yicha egallanadigan qanday bilim, ko‘nikma, malakalar o‘quv rejasidan chiqarib tashlanishi ko‘zda tutilgan? Ushbu tartibni joriy etish uchun o‘quv dasturi tuzilganmi, o‘quv materiallari ishlab chiqilganmi, ilmiy-uslubiy hamjamiyat fikri o‘rganilganmi?

Yoshlar va sportga oid davlat siyosati islohotlari doirasida maktab bitiruvchilarining kamida ikkita chet tili va bitta kasb-hunarni puxta egallashiga erishish rejalashtirilmoqda. Maktablarda allaqachon ikkita chet tili o‘qitiladi (o‘zbek tilida so‘zlashuvchi o‘quvchi uchun rus tili ona tili hisoblanmaydi, rus tilida so‘zlashuvchi o‘quvchi uchun mos ravishda — o‘zbek tili). Ta’lim qoraqalpoq, tojik va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda — uchta til (o‘zbek, rus va yana bitta chet tili, ona tilidan tashqari). O‘rta maktabga yana bir chet tilining kiritilishi, mening nazarimda, o‘rta maktab o‘quv dasturida til fanlari ulushining haddan tashqari ko‘payib ketishiga olib keladi va, chet tilini risoladagidek o‘zlashtirish uchun zarur bo‘lgan soatlar soni va ona tilidagi matnlarni tushunish bilan bog‘liq muammolar kabi omillar hisobga olinsa, o‘qitiladigan tillarning bitiruvchilar tomonidan o‘zlashtirilishiga hech qanday hissa qo‘shmaydi.

Kasb-hunar egallash — alohida masala. 11 yillik maktab tizimiga qaytilishi bilan O‘quv-ishlab chiqarish majmualari ham qaytgani esimda, keyinroq — 9-sinfni tamomlagan o‘quvchilarni qabul qiluvchi kasb-hunar maktablari ochilishi bilan O‘quv-ishlab chiqarish majmualari uchun soatlar yuqori sinflardan olib tashlandi. Maktab bitiruvchisi kamida bitta kasbni egallashi uchun O‘quv-ishlab chiqarish majmualari qaytariladimi, kasbga o‘qitish uchun soatlar qaysi fanlar soatlarini qisqartirish hisobiga ajratiladi, maktablarda buning uchun zarur shart-sharoit va mutaxassislar mavjudmi, o‘quvchilarga maktablarning o‘zida kasb o‘rgatilsa, kasb-hunar maktablari (aynan shu strategiyada ularning qamrov darajasini 35 foizgacha oshirish taklif qilinmoqda) nima uchun kerak, kasb-hunar ta’limi tanlov fanlarini o‘z ichiga oluvchi o‘quv dasturi bilan qanday muvofiqlashtiriladi — bularning barchasi ham hozircha ochiq qolgan savollar.

Va, ehtimol, eng asosiysi. Bunday strategiyalarni qabul qilish an’ana tusiga kirganini inobatga olsak, avvalgi strategiyalar samaradorligi tahlil qilinganmi? Oldingi strategiyalarda ko‘zda tutilgan vazifalardan qaysilari amalga oshirildi, qanday natijalarga erishildi, qaysilari qog‘ozda qolib ketdi va nima uchun?

Masalan, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida 699 ta darslik, ish daftarlari, o‘qituvchilar uchun qo‘llanma va mobil ilovalar ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Biroq, bir-ikki yil oldin avvalgi strategiyani amalga oshirish doirasida yaratilgan o‘quv dasturlari va darsliklar, shuningdek, O‘zbekistonda ta’limni takomillashtirish bo‘yicha yaqinda yakunlangan dastur doirasida yaratilgan darsliklarning taqdiri haqidagi savolga vazirlik hali ham javob bermadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.