Toshkentda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 2019−2023-yillarda amalga oshirilgan “O‘zbekiston barkamollik uchun ta’lim dasturi”ning yakuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

2019-yilning dekabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan mazkur dastur doirasida to‘rtta: ona tili va o‘qish savodxonligi, matematika, informatika va axborot texnologiyalari hamda ingliz tili fanlaridan darsliklar va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqildi.

Xususan, ona tili va matematika darsliklari boshlang‘ich sinflarga, informatika fani 5−11-sinflar uchun, ingliz tili darsligi esa 1−11-sinflarga tayyorlandi. Darsliklarning barchasi ham o‘quvchilar, ham o‘qituvchilar uchun multimedia resurslari bilan birga tayyorlangan bo‘lib, loyiha uchun USAID tomonidan 29,5 million dollar mablag‘ ajratildi.

Foto: Respublika ta’lim markazi

Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorovning “Gazeta.uz” muxbiriga aytishicha, loyiha doirasida Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan 1−11-sinf ingliz tili hamda 5−11-sinf informatika va axborot texnologiyalari fanlari darsliklari mahalliylashtirilib, o‘zbekchaga tarjima qilindi. Ushbu darsliklar uchun USAID hamkorligida 5 yil muddatga mualliflik huquqi sotib olindi.

“Informatika va ingliz tili darsliklari mutaxassislar tomonidan tahlil qilindi hamda mentalitet nuqtai nazaridan taqrizdan o‘tkazilib, moslashtirildi. Informatika fanidan o‘quvchi va o‘qituvchilarga mo‘ljallangan dasrliklar, multimedia resurslarining barchasi o‘zbek tiliga o‘girildi”, — dedi u.

usaid, maktabgaча va maktab ta’limi vazirligi, maktab

Shuhrat Sattorov / Foto: Respublika ta’lim markazi

Uning qayd etishicha, ona tili va matematika darsliklari ham standartlarga asosan tayyorlandi.

“Standartlarga asoslangan ta’limning ahamiyati shundaki, davlat tomonidan o‘quvchi portreti chizib beriladi. O‘qituvchi esa mana shu portret asosida o‘quvchini hayotga tayyorlaydi”, — dedi Shuhrat Sattorov.

Respublika ta’lim markazi direktorining so‘zlariga ko‘ra, ona tili va matematika darsliklarini tayyorlash jarayonida AQSh, Kanada, Avstraliya kabi mamlakatlarning o‘z fani bo‘yicha yetakchi bo‘lgan mutaxassislari va mahalliy taniqli olimlar, malakali pedagoglar ishtirok etgan. “Ikkita fan doirasida 50 ga yaqin mualliflar qatnashdi. Informatika va ingliz tili fanlari bo‘yicha esa taqrizchi guruhlar va tarjimonlar mehnat qildi. Asosan, Florida davlat universiteti, Missisipi davlat universitetidagi professorlar bilan birga tayyorlandi”, — dedi u.

Foto: Respublika ta’lim markazi

“To‘rtala fan darsliklari 4 yil ichida Sirdaryo va Namangan viloyatlarida jami 948 ta maktabda sinovdan o‘tkazildi. Ushbu jarayonda 330 mingdan ziyod o‘quvchilar ishtirok etdi. Ularga 850 mingga yaqin dars majmualari yetkazib berildi. 10 mingga yaqin o‘qituvchi esa yangi darsliklar va resurslar asosida dars berishni o‘rgandi”, — dedi Shuhrat Sattorov.

USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha direktori Luann Gronxovd loyiha yuzasidan o‘z fikrlarini bildirarkan, shunday dedi:

“Mazkur ta’lim dasturini amalga oshirishdan maqsad O‘zbekiston hukumati tomonidan ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab- quvvatlashdir. Kembrij darsliklari vazirlik tashabbusi va ular tanlovi sabab tanlab olindi. Kembrij materiallaridan foydalanish uchun mualliflik huquqini beruvchi litsenziyani sotib olib, buni vazirlikka to‘liq topshirdik. Bu darsliklardan O‘zbekiston xalqi va bolalari bemalol foydalana oladi. Shu kungacha informatika va ingliz tili darsliklarini o‘qitish muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ylganiga guvoh bo‘ldik”.

usaid, maktabgaча va maktab ta’limi vazirligi, maktab

Foto: Respublika ta’lim markazi

Uning aytishicha, dastur doirasida o‘quv metodik majmualar ham ishlab chiqildi. O‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha vazirlik bilan samarali hamkorlik olib borildi.

“Ko‘rib turganingizdek, ushbu dasrliklar sifati juda yuqori. Bu haqda pedagoglardan ham, o‘quvchilardan ham ijobiy fikrlar eshityapmiz. Avvallari o‘qitish metodikasida o‘qituvchi ko‘proq gapirardi, o‘quvchi eshitardi. Ushbu darsliklar esa bolaga kreativ fikrlashni, masalalarni yechishni, hayotiy vaziyatlarda o‘zini qanday tutishni o‘rgatadi. Bu o‘quvchilarning uzoq muddatli muvaffaqiyat va farovonlikka erishishiga yordam beradi”, — dedi Luann Gronxovd OAV vakillariga bergan intervyusida.

Shuhrat Sattorovga ko‘ra, ayni paytda informatika va ingliz tili darsliklari barcha maktablar uchun chop etilmoqda. “Matematika va ona tili fani darsliklari esa sinovdan o‘tdi. Endilikda o‘qituvchilar fikri o‘rganilib, natijalar tahlil qilinadi va bir qarorga kelinadi”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, USAID AQSh hukumatining mustaqil agentligi bo‘lib, u birinchi navbatda xorijiy davlatlarga fuqarolik va rivojlanish yo‘lida yordam berishni boshqarishga mas’uldir. budjeti 27 milliard dollardan ortiq bo‘lgan USAID dunyodagi eng yirik rasmiy ko‘mak agentliklaridan biri hisoblanadi va AQSh tashqi yordamining yarmidan ko‘pini tashkil etadi.