Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Kun.uz nashri muxbiriga bergan intervyusida “urush borasida neytral pozitsiyada ekanini bildirgan O‘zbekiston hukumati nega Z-artistlarning Toshkentdagi konserti masalasida neytrallik ko‘rsatmayotgani” haqidagi savolga izoh berdi.

“Hamma narsaga chegara tutish mumkin, lekin san’at chegarasiz soha. Hozir [bizga] teatr, estrada yo‘nalishi bo‘yicha xonandalar kelyapti. Buning qaysidir davlatlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatiga hech qanday bog‘liqligi yo‘q. Bu — san’at. Bunda tushgan mablag‘larning urushga yo‘naltirilishi bo‘yicha, ochiq aytish kerak, ko‘p gaplar bo‘lyapti. Menimcha, bu gaplar haqiqatdan yiroq. Konsertlar masalasiga kelsak, biz qaysi davlatdan keladigan san’atkor bo‘lsa, u yaxshi maqsadda kelsa, xalqqa xizmat qilaman, san’atning kuchini ko‘rsataman, desa, haqiqiy san’atkor bo‘lsa, O‘zbekiston hech qaysi san’atkorga eshigini yopib, tambalab tashlagani yo‘q”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda san’atga hech qanday to‘siq yo‘q.

“Mana, kelyapti, san’atini namoyish qilyapti, olqishini olyapti, ketyapti. O‘zbekistonda san’atga hech qanday to‘siq yo‘q. Xudoga shukur, tinch yurtda yashayapmiz. Mana, turkiy davlatlarning TURKSOY tashkilotidan qancha turkiy millatga mansub bo‘lgan san’atkorlar tashrif buyurdi. Hammasi konsertini qo‘ydi va xalq olqishiga ega bo‘lyapti. Mana, ko‘rgazmalarini o‘tkazishyapti. Yaxshi maqsadda kelgan inson bo‘lsa, O‘zbekiston — tinch yurt. Xalqimiz — san’atsevar xalq. G‘iybat, fisqu fasod, pulni qayergadir ishlayotgan ekan, degan gaplardan yiroq bo‘lish kerak. Bu gaplarni gapirayotganlar shu gaplarni qo‘zg‘ashga intilayotgan insonlar”, — deya ta’kidladi Bahodir Ahmedov.

Vazir o‘rinbosari Rossiyaning Ukrainaga bosqinini oqlovchi san’atkorlarning konsertlari Qozog‘istonda bekor qilinayotgani borasida ham munosabat bildirgan.

“Bu — yon qo‘shnilarning o‘z siyosati, o‘z dunyosi. Ular o‘zi uchun javob bersin, biz o‘zimiz uchun javob beramiz. Bir narsani ochiq aytish kerak: bunaqa g‘iybat, fisqu fasod gaplardan yiroq bo‘lishimiz kerak. Biz, Xudoga shukur, tinch joyda yashayapmiz. Mana, san’atga bo‘lgan e’tibor. Konsertga tusharkan, uning pulini urushga ishlatarkan, degan gaplar nega kerak? Urushning kuni shu konsertning puliga qolibdimi? Qo‘ysin, tinchlik bilan qo‘ysin, tinchlik bilan yursin. Qachongacha g‘iybat, fisqu fasod gaplar? Ha desa, ruxsat beradigan bo‘lsa, urushga taqaydi. Taqash kerak emas. Faqat yaxshi, oliy niyatlar bilan harakat qilish kerak”, — degan madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari.

Bahodir Ahmedovning qayd etishicha, hamma narsaning yomon tarafini emas, balki yaxshi tarafini o‘ylash lozim. “Shu san’atkor shu yerga o‘z san’atini namoyish qilish uchun kelibdi, degan ko‘z bilan qarash kerak”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

“Ikkinchi, uchinchi o‘rinda turadigan fisqu fasoddan yiroqroq, ustunroq bo‘lishimiz kerak. Shunda maqsadimizga erishamiz. Biz bir narsa uchun kurashishimiz kerak: yoshlarimiz san’atga chanqoq, shuni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Bizning siyosatimiz — shu. Davlat rahbarining siyosati hammasi. Qarang, Ozarbayjonda bo‘lgan mug‘om festivalida gran-prini kim oldi? O‘zbekning qorako‘zi oldi. Shaxmatda kim olyapti? O‘zbek qorako‘zlari, O‘zbekiston farzandlari olyapti. Biz faqat shular haqida o‘ylashimiz kerak”, — degan Bahodir Ahmedov.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini ochiq tarzda qo‘llab-quvvatlab, faol targ‘ib qilayotgan rossiyalik xonandalardan biri Grigoriy Lepsning 2023-yil 23 oktbyar kuni poytaxtdagi Xalqlar do‘stligi san’at saroyida konsert taqdim qilishi rejalashtirilgan. Uning mazkur dasturiga o‘zbekistonlik bir guruh faollar tarmoqlarda #LepsKerakmas xeshtegi bilan ushbu konsertni bekor qilishni talab qilib, boykot e’lon qildi.

z artistlar, баҳодир аҳмедов, григорий лепс, madaniyat va turizm vazirligi, uкраина, россия

Manba: Mirzo Zominiy / Telegram.

Ammo ayni paytda ushbu konsert uchun chiptalar iTicket.uz saytida sotilishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, rossiyalik qo‘shiqchilar Grigoriy Leps va Nikolay Baskov Ukrainadagi urush zonasida Leopard va Abrams tanklarini yo‘q qilgan har bir kishiga 1 million rubldan to‘lashga va’da bergandi.

3-iyul kuni esa Grigoriy Leps o‘zining Telegram kanalida bergan va’dasida turgani va Leopard tankini yo‘q qilgani aytilayotgan rossiyalik askarga 1 million rubl to‘laganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, qozog‘istonlik faollarning konsertga nisbatan qarshiligi tufayli Lepsning Olmaotadagi Qo‘nayev shahrida 8-iyul kuni o‘tishi rejalashtirilgan konserti bir muddat avval bekor qilingandi.

2023-yil 20−21-may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Jara” xalqaro musiqa festivali qoldirilgan edi. Mazkur festival o‘zbekistonlik tarmoq foydalanuvchilarining e’tiroziga sabab bo‘lgan. Xususan, 29-mart kuni bloger Mirzayor Erkinov “Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va Kremlni qo‘llab-quvvatlovchi Z-artistlar” ishtiroki tufayli tadbirni boykot qilishga chaqirgan. Festival “dunyodagi hozirgi vaziyat keng ko‘lamli musiqiy tadbirlarni o‘tkazish uchun qulay emas”ligi sababli qoldirilgan.

Avvalroq Boku va Olmaota shaharlarida ham “Jara” festivali bekor qilingan. Qozog‘istonda ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari festivalni bekor qilishni talab qilib, boykot e’lon qilgandi. Olmaotada bekor qilingandan so‘ng festival Toshkentga ko‘chirilgan. Unda HammAli & Navai, EMIN, Ani Lorak, Olga Buzova, Dabro, Diskoteka Avariya, Jasmin, Artik&Asti, KARNA.VAL, Vanya Dmitriyenko, Vlade Kay, Mary Gu, Bahh Tee & Turken, Cosmos girls, Nyusha va boshqalarning ishtiroki kutilayotgan bo‘lgan.