Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlari hududida bola o‘g‘rilari aniqlangani bilan izohlangan videolar tarqaldi.

Mazkur xabarlar viloyatlar IIBlari tomonidan nazoratga olinib, o‘rganish ishlari olib borilgan.

Xususan, “Farg‘onada yosh bolani mashinaning yukxonasiga solib olib ketmoqchi bo‘libdi” mazmunidagi xabar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilindi.

2024-yilning 14-may kuni Qo‘qon shahar Obodyurt ko‘chasida yashovchi voyaga yetmagan M.M. ushbu mahallada turar joyga ega bo‘lgan qo‘shnisi M.A.ga tegishli uyning devor va oynasiga tosh otib sindirgan. Buni ko‘rgan M.A. voyaga yetmagan shaxsni qo‘rqitib qo‘yish maqsadida o‘ziga tegishli bo‘lgan Nexia 2 avtomashinasining yukxonasiga solib avtomashinani harakatlantirgan paytda M.M.ning onasi V.T. ko‘chaga chiqib, mashinani to‘xtatib, farzandini mashinadan tushirib olgan hamda o‘rtada o‘zaro janjal kelib chiqqan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborish chorasi ko‘rilgan.

Fuqarolardan vahima va sarosimaga tushmasliklarini hamda ishonchsiz, tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz.

Surxondaryo viloyatida bo‘lgani aytilgan holat ham haqiqatdan yiroq ekani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, holat Qumqo‘rg‘on tumani IIB xodimlari tomonidan o‘rganilganda, ushbu shaxslar Moldova fuqarolari ekani aniqlangan. Ular xo‘jalik buyumlarini sotib yurganini ma’lum qilgan hamda tuman fuqarolari o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqanligi ma’lum bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.