O‘zbekistonda 2024-yilgi Haj mavsumi 23-maydan boshlanadi, Saudiya Arabistoniga 7-iyunga qadar har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatning 10 ta hududiy aeroportidan Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar orqali ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi. Bu yo‘nalishlar: Toshkent, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Nukus va Navoiy shaharlaridir. Barcha parvozlar Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika jamoatchilik kengashi joriy mavsumga tayyorgarlik ishlarini turli yo‘nalishlarda davom ettirmoqda. Jumladan, ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, guruh rahbarlarini biriktirish, safar oldi mashg‘ulotlar o‘tkazish, shifokorlar va oshpazlar guruhini jalb etish hamda safar hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

“Shu kunlarda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan Haj arkonlari haqida suhbat qilmoqda. Har bir ziyoratchiga „Haj — buyuk ibodatdir“ nomli qo‘llanma, sumka, nimcha kabilar taqdim etilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ushbu mavsumga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni kunlarda barcha tashkiliy ishlarni bajarayotganini qayd etildi.