Daniya va Litvaning O‘zbekistonga tayinlangan yangi elchilari mamlakat tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda vazir o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.

Xususan, “Litvaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Egidiyus Navikas janoblari bilan uchrashishdan va uning ishonch yorliqlarini qabul qilishdan mamnunmiz. Ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorligimizning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildik, yaqin istiqboldagi umumiy kun tartibimizni ko‘rib chiqdik. Janob Elchiga kengayib borayotgan munosabatlarimizning hali kashf etilmagan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — deb yozdi Saidov.

Egidiyus Navikas va Baxtiyor Saidov. Foto: Telegram / Baxtiyor SaidovEgidiyus Navikas va Baxtiyor Saidov. Foto: Telegram / Baxtiyor Saidov

Egidiyus Navikas 2023—2024-yillarda O‘zbekistonda diplomatik missiya rahbari sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan elchi Gintautas Vasyulis o‘rniga tayinlandi.

Shuningdek, Baxtiyor Saidov Daniyaning O‘zbekistondagi elchisi Yakob Xenningsenni qabul qilganini ma’lum qildi.

“Uchrashuvimiz davomida ikki tomonlama munosabatlarining hozirgi holatini muhokama qildik va kelgusi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldik. Janob elchiga aloqalarimizni mustahkamlashdagi maqsadlariga erishishda muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — deb yozdi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

Yakob Xenningsen va Baxtiyor Saidov. Foto: Telegram / Baxtiyor Saidov. Yakob Xenningsen va Baxtiyor Saidov. Foto: Telegram / Baxtiyor Saidov.