Dunyoning 75 ta ommaviy axborot vositasi jurnalistlari birgalikda Dubai Unlocked (Fosh etilgan Dubay) surishtiruvini e’lon qildi. Surishtiruv, jumladan, turli mamlakatlarda jinoyat qilganlikda ayblanayotgan Dubaydagi ko‘chmas mulk egalari, korrupsiyada ayblangan siyosatchilar, terrorizmni moliyalashtirganlik uchun sanksiyalarga uchragan tadbirkorlar haqida hikoya qiladi.

Ma’lumotlar orasida O‘zbekistonga aloqador faqatgina bir shaxs qayd etilgan. Bu O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovning o‘g‘li Alisherbek Qodirov hisoblanadi. Uning Marina Plaza biznes markazida 4 ta ofisga egalik qilishi, ularning jami qiymati esa deyarli 8 mln dollar ekani qayd etilgan.

dubai unlocked, aлишyerбек қодиров, рaшитжон қодиров

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Alisherbek Qodirovni 2018-yil martida qidiruvga bergan. O‘shanda, IIV ma’lumotlariga ko‘ra, unga (1979-yilda tug‘ilgan) nisbatan quyidagi moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

  • 165-modda 2-qism “a” bandi — Tovlamachilik, takroran yoki xavfli retsidivst tomonidan;
  • 165-modda 3-qism “a” bandi — Juda ko‘p miqdordagi tovlamachilik;
  • 168-modda 3-qism “a” bandi — Firibgarlik;
  • 168-modda 4-qism “a” bandi — Juda ko‘p miqdorda firibgarlik.

Rashitjon Qodirovning o‘zi 2018-yil fevralida Jinoyat kodeksining 165 (Tovlamachilik), 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210-modda (Pora olish), shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, jinoyat ishiga ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan hamda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangandi.

2019-yil 7-yanvar kuni esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida Rashitjon Qodirov ustidan yopiq sud jarayoni boshlangan. 26-iyun kuni Rashitjon Qodirov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2023-yil 5-yanvar kuni Kun.uz huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbalariga tayanib, sobiq bosh prokuror shartli ravishda qamoqdan ozod etilgani haqida xabar bergandi.

Rashitjon Qodirov 2000—2015-yillarda bosh prokuror lavozimida ishlagan, 2015−2017-yillarda Konstitutsion sud sudyasi bo‘lgan.

Dubai Unlocked surishtiruvi haqida

Surishtiruv ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tadqiq etish instituti (OCCRP) ko‘p yillar davomida Dubay, jumladan, ko‘chmas mulk bozori orqali pul yuvish amalga oshirilgan asosiy joylardan biri hisoblanganini qayd etgan. Mualliflarning ta’kidlashicha, Dubai Unlocked surishtiruvida jurnalistlar Dubayda ko‘chmas mulkka egalik qilish masalasini birinchi marta global miqyosda ko‘rib chiqqan.

Tekshiruv Dubaydagi ko‘chmas mulklar haqidagi asosan Dubay yer departamenti, shuningdek, davlat kommunal xizmatlaridan “sizib chiqqan” ko‘plab ma’lumotlarga asoslanadi. 2020−2022-yillarda “chiqib ketgan” ma’lumotlar yuz minglab ko‘chmas mulk egalari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumotlarni xalqaro jinoyatchilik va mojarolarni o‘rganuvchi Vashingtonda joylashgan notijorat tashkilot — AQShning Istiqbolli mudofaa tadqiqotlari markazi (C4ADS) qo‘lga kiritgan. Tashkilot keyinchalik ularni Norvegiyaning E24 nashri va OCCRP`ga bergan (ikkinchisi surishtiruv ishtirokchilarining ishini muvofiqlashtirgan).

OCCRP`ning qayd etishicha, jurnalistlar Dubaydagi ko‘chmas mulki egalari haqidagi ma’lumotlarni faqat jamoat manfaatlariga mos keluvchi hollardagina oshkor qilgan. Xususan, ular jinoyat sodir etganlikda ayblangan yoki sudlangan mulk egalari, sanksiyalar xavfi mavjud shaxslar, shuningdek, mansabdor shaxslar va ularning yaqinlari, jumladan, korrupsiyada yoki o‘z mulkini jamoatchilikdan yashirganlikda ayblanayotgan shaxslar haqida ma’lumot bergan.