Toshkent shahridagi qator chorrahalar hamda ko‘chalarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ishlarning asosiy qismi may oyidan sentabrgacha — maktablar va oliy o‘quv yurtlarida ta’til kunlarida amalga oshiriladi. Ta’mirlash asosan tungi vaqtda — 22:00 dan 06:00 gacha bajariladi. Ish birinchi marta keng ko‘lamda, yangi qoplama (SHMA) turlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, yerosti kommunikatsiyalari ham tekshiriladi, deyiladi xabarda.

Ishlar bajarilishi ko‘zda tutilgan chorrahalar va ko‘chalar ro‘yxati:

Ko‘chalar:

  • Bobur
  • Furqat
  • Lutfiy
  • Shota Rustaveli
  • Beshqayrag‘och
  • Feruza
  • Yuzrabot
  • Saqchimon
  • Laylito‘g‘on
  • Zarqaynar
  • KHAY
  • Osiyo
  • Qorasaroy
  • Sag‘bon
  • Shahrisabz
  • Parkent
  • Pahlavon Mahmud ko‘chasidan Chkalov ko‘chasigacha.

Chorrahalar:

  • Bunyodkor shohko‘chasi — Qatortol-2
  • Shota Rustaveli — Cho‘ponota
  • Shota Rustaveli — Bobur
  • Cho‘ponota — Bog‘ibo‘ston
  • Cho‘ponota — Sa’diy Sirojiddinov
  • Cho‘ponota — Arnasoy
  • Cho‘ponota — Chilonzor
  • Cho‘ponota — Qatortol
  • Amir Temur — Osiyo
  • Amir Temur — Bog‘ishamol
  • Amir Temur — Iftixor
  • Amir Temur — Shahriston
  • Mirzo Ulug‘bek — Parkent
  • Mirzo Ulug‘bek — Maxtumquli
  • Muqimiy — Qatortol
  • Muqimiy — Chilonzor
  • Muqimiy — Arnasoy
  • Muqimiy — Shohjahon
  • Maxtumquli — KHAY
  • Maxtumquli — Sodiq Azimov
  • Maxtumquli — Yahyo G‘ulomov
  • Maxtumquli — Shahrisabz
  • Nurafshon — Sag‘bon
  • Nurafshon — Farobiy
  • Nurafshon — Beruniy
  • Nurafshon — Qorasaroy
  • KHAY — Sariko‘l
  • Yangi Sergeli — Choshtepa
  • Sag‘bon — Farobiy — Saqchimon
  • Gavhar — Dumbirobod
  • Mo‘minov — Do‘rmon yo‘li
  • Shifokorlar — Farobiy.

“Ish jarayonida haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham noqulayliklar tug‘ilishi muqarrar. Biz oldindan uzr so‘raymiz va vaziyatni tushunishingizni so‘raymiz, chunki bu qisqa muddatli qiyinchiliklar uzoq muddatli qulaylik uchun xizmat qiladi”, — deydi hokimlik.

Poytaxtdagi piyodalar va haydovchilar bu ishlarning og‘irligini his qilmasliklari uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi ta’kidlandi.

Avvalroq shahar hokimi Shavkat Umurzoqov hozirgi kunda tirbandlik hosil bo‘lishiga katta ta’sir qilayotgan narsa — chorrahalar ekanini aytgandi. O‘quvchilar ta’tilga chiqqanida 30 ta eng katta tirbandlikni keltirib chiqarayotgan chorrahalar to‘g‘rilanishini ta’kidlagandi.

“Bizning birinchi maqsadimiz, tirbandlikni yana ham kuchaytirib yubormaslik uchun maktab va bog‘chalardagi o‘quvchilar ta’tilga chiqqanida 30 ta eng katta tirbandlikni keltirib chiqarayotgan chorrahalarni to‘g‘rilaymiz. Bu birinchi bosqichda qilinadi va ancha tirbandlik [muammosini] yechadi. Shu bilan biz kuzga kirib boramiz, keyin yana tayyorlanamiz. Buni orasida avtoturargohlar va boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi”, — degan edi hokim.