“Milliy tiklanish” partiyasi prezidentlikka Shavkat Mirziyoyev nomzodini ma’qulladi

“Milliy tiklanish” partiyasi muddatidan oldingi prezidentlik saylovida O‘zLiDeP tomonidan ko‘rsatilgan amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodini ma’qulladi. “Buni davlat, xalq va partiyaning manfaatlari nuqtai nazaridan eng to‘g‘ri qaror deb hisoblayman”, — dedi partiya yetakchisi Alisher Qodirov.

Toshkentni xalq hordiq chiqaradigan shaharga aylantiramiz — Shavkat Umurzoqov

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda shahardagi har bir mahallada yashil hududlar barpo etiladi. “Toshkentga „xalq shahri“, „xalq hordiq chiqaradigan shahar“ nomlarini olib berish siyosatini yuritamiz”, — deydi u.

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida xodimlarga nega ustama to‘langani tushuntirildi

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida xalq deputatlari mahalliy kengashi qarori bilan hokimlik, jumladan, hokim va kengash devoni xodimlarining aprel oyi uchun maoshlariga ustama sifatida 306,2 million so‘m ajratildi. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, 40 dan ortiq xodimga ustama tayinlangan.

O‘zbekiston IIV va Yevropa Ittifoqi o‘zaro tajriba almashishni davom ettirishga kelishib oldi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rahbari bilan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “doimiy muloqot va tajriba almashishni rivojlantirish”, shuningdek, mutaxassislarning malakasini oshirishni muntazam tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Boshlang‘ich sinflarda Informatika, o‘rta sinflarda esa moliyaviy savodxonlik o‘qitiladi

2023/2024 o‘quv yilidan maktablarda bilimni baholashning yangi tartibi joriy etiladi: o‘qituvchi o‘quvchilar o‘tilgan mavzularni amaliyotda qo‘llashi, ularning tanqidiy fikrlashi va materialni tahlil qilishini baholaydi. Boshlang‘ich sinflarda Informatika, o‘rta sinflarda esa moliyaviy savodxonlik o‘rgatiladi.

Bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilar oyligi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtiriladi

2024-yil 1-iyundan bog‘chalardagi oliy ma’lumotli tarbiyachilar maktab o‘qituvchilarinikiga teng miqdorda oylik oladi. Shuningdek, davlatga qarashli bog‘cha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berish tartibi o‘zgaradi.

Prezident maktablari yangi o‘quv yili uchun qabul e’lon qildi

Prezident maktablariga 2023/2024 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 10-iyundan 30-iyunga qadar onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshiriladi.

Sun’iy intellekt yaratuvchilari o‘z texnologiyalari xavfliligi haqida ogohlantirdi

OpenAI va Google DeepMind kabi texnologik kompaniyalarning bir guruh olimlari va rahbarlari o‘z texnologiyalari xavfini pandemiya hamda yadro urushiga qiyosladilar va insoniyatning “yo‘q bo‘lib ketish xavfi” haqida ogohlantirdilar.

Surxondaryodagi savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi

31-may kuni tongda Sho‘rchi tumanidagi 2 qavatli aralash mollar savdo do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Uning oqibatida binoning 2-qavati yonib zararlandi. Yong‘in sababi aniqlanmoqda.

Toshkentda Qizil kitobga kiritilgan laylak va lochinlarni noqonuniy sotishga uringan erkak jarimaga tortildi

Yunusobod tumanida erkak O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ikki laylak va ikkita lochinni sotmoqchi bo‘ldi. Qushlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilib, erkak 3,3 million so‘m jarimaga tortildi.

Surxondaryoda fuqaro IIB xodimiga bolta bilan hujum qildi

Sariosiyo tumanida mahalla raisining xonadonida janjal ko‘targan fuqaro uyiga kelgan profilaktika inspektoriga bolta bilan hujum qildi. IIB xodimi shifoxonaga yetkazildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qamoqqa olindi.

Toshkentda 11 yoshli qizni o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 6 yilga qamaldi

Toshkentda Cobalt bilan to‘qnashib, uning salonidagi 11 yoshli qizchaning o‘limiga sababchi bo‘lgan Lacetti haydovchisi 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Buxoroda yigit futbol paytida mahalladoshini urib o‘ldirdi

Kogon tumanida 21 yoshli yigit futbol o‘yini paytida mahalladoshini urib o‘ldirdi. Voqeaga o‘zaro kelib chiqqan janjal sabab bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qashqadaryoda 20 yoshli yigit tortishuv sababli 25 yoshli yigitni pichoqlab o‘ldirdi

Kitob tumanida 20 yoshli yigit o‘zaro tortishuv sababli 25 yoshli yigitni qasddan pichoqlab o‘ldirdi. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan, tergov olib borilmoqda.

O‘zbekistonda ko‘z to‘r pardasini ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda jarrohlik amaliyoti bilan ko‘z to‘r pardasini ko‘chirib o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu orqali to‘r parda bilan bog‘liq kasalliklar tufayli ko‘rish qobiliyati yo‘qotgan bemorlarni davolash mumkin bo‘ladi.

Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish reja qilinmoqda

Prezident Antikorrupsiya agentligiga Energetika vazirligi bilan 1-sentabrgacha yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha hujjat loyihasini ishlab chiqishni topshirdi. DXX, IIV va BP huzuridagi departament elektr va boshqa tarmoqlarga noqonuniy ulanishlarga qarshi kurashadi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqolalar:

O‘zbekiston ta’lim tizimi yana o‘zgaradimi?

MMTV yuqori sinflarda fanlar soni qisqarishi, boshlang‘ich sinflar uchun informatika fani kiritilishi va maktablar boshqaruvida kutilayotgan o‘zgarishlar haqida xabar berdi. “Gazeta.uz” kolumnisti Komil Jalilovning yozishicha, ta’limdagi har qanday yangilik chuqur va ilmiy asoslangan tahlillarga tayanishi lozim.

1-iyundan nimalar o‘zgaradi?

Tadbirkorlar kunu tun savdo qilishiga ruxsat beriladi, endi chaqaloqlarning guvohnomalari FHDYOdan emas, balki tug‘ruqxonani o‘zidan olinadi, “To‘maris izdoshlari” guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, qishda talafot ko‘rgan tadbirkorlarga berilgan kredit ta’tillari tugaydi — 1-iyundan nimalar o‘zgarishi haqida.