O‘zbekistonda hafta davomida havo issiq bo‘ladi, ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin

O‘zbekistonda ish haftasi davomida kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat ayrim tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechalari +15…+20 daraja, kunduzi +35…+37 darajagacha bo‘ladi.

XDP O‘zbekiston prezidentligiga nomzod va uning dasturini tasdiqladi

Ulug‘bek Inoyatov prezidentlik saylovlarida XDPdan nomzod sifatida tasdiqlandi. Partiya qurultoyida nomzodning qimmat mol-mulk uchun soliq joriy etish, sudlov hay’ati institutini tashkil qilish va boshqalarni nazarda tutuvchi dasturi ham tasdiqlandi.

Robaxon Mahmudova “Adolat” SDPdan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib tasdiqlandi

“Adolat” SDPdan prezidentlik saylovi uchun Robaxon Mahmudova nomzod sifatida tasdiqlandi. Uning saylovoldi dasturida “Ijtimoiy davlat-2030” dasturini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va boshqalar ko‘zda tutilgan.

Boysunda deputat Haj uchun jamg‘argan mablag‘i hisobidan qishloqqa ko‘prik qurib berdi

Surxondaryo viloyatida Xalq deputatlari tuman kengashi deputati Ramazon Abdullayev Haj safari uchun jamg‘argan mablag‘i hisobidan Gumatak qishlog‘ida ko‘prik qurib berdi. Tuman hokimi deputatni tashakkurnoma bilan taqdirladi.

“Har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”. Energetika vaziri — O‘zbekistonda AES qurilishi haqida

O‘zbekiston “Rosatom” bilan AES qurish masalasini muhokama qilishda davom etmoqda va parallel ravishda kichik atom reaktorlari sohasidagi yutuqlarni o‘rganmoqda. “AES qurish davlat uchun juda jiddiy majburiyatdir. Biz har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — dedi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.

O‘zbekistonga benzin qayerdan keladi? Uning hajmi va narxi haqida

2023-yilda O‘zbekistonga benzin importi bir necha barobar oshdi. Birinchi to‘rt oyda 335,2 mln litr keltirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Importning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri uchun 0,4 sentni tashkil etdi. Importning aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonda 4 oy ichida salkam 500 kishi YTH qurboni bo‘ldi

2023-yilning yanvar-aprel oylarida respublikada 2144 ta yo‘l transport hodisasi oqibatida 499 kishi vafot etdi.

Xorazmda o‘qituvchi 3-sinf o‘quvchilariga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi

Xonqa tumanidagi maktabning 61 yoshli o‘qituvchisiga nisbatan 2 nafar 3-sinf o‘quvchisiga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Nemolchi.uz loyihasi ishni qayta kvalifikatsiyalashni talab qilib, pedagog o‘z qilmishi uchun to‘liq jazolanishini so‘radi.

Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsen o‘ynaydigan Norway Chess turnirida ishtirok etadi

Grossmeyster Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha eng nufuzli turnirlardan biri — Norway Chess musobaqasida ishtirok etadi, unda Magnus Karlsen, Aliriza Firuzja va dunyoning boshqa kuchli shaxmatchilari qatnashadi.

Toshkentdagi bog‘chada bolalar tanasiga uxlamagani uchun igna sanchilgani aniqlandi

Yangihayot tumanidagi 122-sonli bog‘chaga amaliyot o‘tash uchun kelgan kollej o‘quvchisi uxlamagan bolalarning tanasiga igna tiqib olgani aniqlandi. U amaliyotdan chetlatildi, holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.

Andijonda kanalga tushib ketgan qizni qutqarmoqchi bo‘lgan yigit halok bo‘ldi

Marhamat tumanida 20 yoshli yigit kanalga tushib ketgan qizni qutqarmoqchi bo‘lib, o‘zi cho‘kib ketdi. Qiz boshqa odamlar tomonidan qutqarildi, yigitning jasadi oradan 3 kun o‘tib topildi.

Buxoroda erkak xotinini rashk sabab pichoqlab o‘ldirdi

Kogon shahrida er xotinini rashk sabab pichoqlab o‘ldirdi. Janjalni ajratmoqchi bo‘lgan erkakning onasi ham jarohat oldi.

Orolning qurigan tubida Rally Muynak — 2023 ekstremal avtomobil musobaqalari bo‘lib o‘tdi

Mo‘ynoq, Ustyurt tekisligi va Orol dengizining qurigan tubida 25−28-may kunlari IV xalqaro Rally Muynak — 2023 ekstremal avtomobil musobaqalari bo‘lib o‘tdi va g‘oliblar aniqlandi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqolalar:

Nima o‘qiymiz? Tadbirkor Firuz Allayev tavsiya qiladi

“Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan “Nima o‘qiymiz?” loyihasini davom ettiradi. Sara asarlar, o‘qilishi maqsadga muvofiq hisoblangan kitoblar ro‘yxati haqida olim, tadqiqotchi, yozuvchi-shoir, tarjimon, jurnalist va jamoat faollarining tavsiyalarini sizga yetkazamiz.

Nima ko‘ramiz? Bloger Nodir Nishonov tavsiya qiladi

Yaxshi kino — yaxshi kitobdek. Ayni damda, biri ikkinchisiga xalal bermaydi. “Gazeta.uz” vaqtni mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashmoq niyatida “Nima ko‘ramiz?” loyihasini boshladi. Ko‘rilishi maqsadga muvofiq hisoblangan filmlar haqida kinoijodkorlar, jurnalistlar, jamoat faollarining tavsiyalarini sizga yetkazamiz.