Emmanuel Makron O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2023-yilda O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi.

Toshkentda Nukus voqealari bo‘yicha apellyatsiya ko‘rib chiqildi

Toshkent shahrida Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha 16 nafar mahkum (shu jumladan, marhum Polat Shamshetov)ning birinchi sud jarayoni bo‘yicha shikoyatlari, shuningdek, shartli ravishda hukm qilingan 4 kishiga nisbatan prokuratura protestini ko‘rib chiqish boshlandi.

Surxondaryoda chegaradan o‘tkazilayotgan anor sharbatlari tarkibida giyohvand modda aniqlandi

Surxondaryodagi “Ayritom” chegara bojxona postidan o‘tkazilayotgan anor sharbatlari tarkibida 103 kg metamfetamin sintetik giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi. Ular Toshkentdagi kompaniyalardan biriga yuborilayotgan bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Surxondaryoda chang bo‘ronlari kuzatilmoqda. Video

Juma kuni tushdan so‘ng O‘zbekistonning janubiy qismi, xususan, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida chang bo‘ronlari sodir bo‘ldi.

Toshkentdagi 14 ta avtobus yo‘nalishida “kunlik plan” bekor qilindi

Toshkentda 5-maydan boshlab 14 ta avtobus yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish brutto-shartnoma asosida tashkil etildi. Yangi tizim daromad rejasiga (kunlik plan) asoslanmaydi. Endi barcha tushumlar shahar budjetiga o‘tkaziladi, hokimlik yo‘lovchi tashuvchiga pulni bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib o‘tkazib beradi.

Barcha avtobus yo‘nalishlarida kunlik reja avgust oyiga qadar bekor qilinishi kutilmoqda

Avgust oyiga qadar Toshkent shahridagi barcha — 160 ta avtobus yo‘nalishida naqd pul tushumlari bo‘yicha kunlik reja bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Hozirda poytaxt transport boshqarmasi ularning narxini hisoblab chiqmoqda, yozda tenderlar o‘tkaziladi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ham tashabbusli budjetlashtiriladi

Endilikda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar 2023-yildan boshlab jamoatchilik fikri asosida “Ochiq budjet” portalida ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda har bir mahallada 8 mlrd so‘mdan oshmagan loyihalar paketi shakllantiriladi.

P2P o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish Konstitutsiya zid — “Yuksalish”

“Yuksalish” harakati jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish Konstitutsiya zid ekanini ma’lum qildi. Harakat bu masalani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi.

Toshkentda o‘g‘li 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgani aytilgan bog‘cha direktori ishdan olindi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 230-sonli bog‘cha direktori “xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun” ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Uning 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilganlikda gumonlanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonda dam olish kunlari havo salqin bo‘ladi

Shanba kuni O‘zbekistonga Kaspiy dengizidan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib keladi. Havo harorati kunduzi +18 darajagacha pasayadi. Yakshanba kuni qator viloyatlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Aprelda O‘zbekistonda 29 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanildi

Aprel oyida O‘zbekistonda ulgurji iste’molchilar tomonidan qariyb 30 mln kub metr hajmdagi (28,9 mlrd so‘mlik) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanildi.

Tizimda yil boshidan beri 9 nafar xodim javobgarlikka tortildi — “Hududgazta’minot”

2023-yil boshidan beri gaz ta’minoti korxonalarining 9 nafar xodimi firibgarlik va boshqa jinoyatlar uchun javobgarlikka tortildi. Qo‘lga olinganlarga nisbatan tergov choralari ko‘rilmoqda, fuqarolardan xodimlar bilan til biriktirmaslik va noqonuniy xatti-harakatlar haqida xabar berish so‘raldi.

Pedagogika yo‘nalishidagi sirtqi ta’limga faqat 5 yillik stajga ega o‘qituvchilar qabul qilinadi

2023/2024 o‘quv yilidan OTMlarning pedagogika yo‘nalishidagi sirtqi ta’limda o‘qishni istagan o‘qituvchilar kamida 5 yillik pedagogik stajga ega bo‘lishi shart. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

O‘zbekistonda Onix va Tracker uchun shartnoma berish vaqtincha to‘xtatildi

UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Tracker va Onix avtomobillari uchun shartnomalar berishni ushbu modellarning konfiguratsiyasi yangilanishi munosabati bilan vaqtincha to‘xtatdi. Kompaniyaning bildirishicha, avtomobillar uchun “issiq” variantlar kutilmoqda.

O‘zbekistonda “Yangi bank” ro‘yxatdan o‘tkazildi

MB tomonidan yana bir bank — “Yangi bank”ga litsenziya berildi. Uni “O‘zagroeksportbank” rahbarining sobiq o‘rinbosari Odil Amerqulov boshchiligidagi “Yangi Group” kompaniyasi tashkil etgan.