“Gazeta.uz” surishtiruvi:

Toshkentdagi bog‘cha direktorining 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgani aytilmoqda

Chilonzordagi 230-sonli bolalar bog‘chasida direktorning 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizchaga, ular uxlashga yotgan vaqtida tegajog‘lik qilgani aytilmoqda. Bunga kamida 3−4 nafar bola guvoh bo‘lib qolgan. Direktor esa buni “tuhmat” deb atamoqda va qizchalarning o‘zini tarbiyasizga chiqardi — Batafsil.

Kun yangiliklari:

Humo va Uzcard bankomatlarini integratsiyalash 7−10 kun ichida yakunlanadi — Markaziy bank raisi

Markaziy bank raisi Humo va Uzcard to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiyalash 7−10 kun ichida yakunlanishini ma’lum qildi. Shuningdek, Korzinka supermarketlar tarmog‘ida virtual kassalarni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini, pulni naqdlashtirish uchun komissiya foizi muhokama qilinayotganini aytdi.

“Xavotirlar o‘rinli”. MB rahbari — AQShning Ohangaronsement va uning asoschisiga qarshi sanksiyalari to‘g‘risida

“Ohangaronsement” va uning ta’sischisiga nisbatan AQSh sanksiyalarining joriy etilishi korxona faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni anglatmaydi, deya ma’lum qildi Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov. Uning aytishicha, bu masalani hal etish bo‘yicha prezident topshirig‘iga binoan ishchi guruh tuzilgan.

Markaziy bank bankrot bo‘lgan “Turkistonbank” omonatchilarining mablag‘lari qaytarilishiga izoh berdi

“Turkistonbank”ning bankrot bo‘lishi sabab 52 nafar mijoz 53 mlrd so‘m omonatlarini qaytarish bo‘yicha murojaat qilgan bo‘lib, uning bir qismi bank tomonidan subordinativ kredit sifatida berilgan. MB sud qarori bilan 18 nafar fuqaroning 29 mlrd so‘mlik mablag‘lari omonat sifatida tan olinganini ma’lum qildi.

Koreya Toshkentdagi Seul bog‘ining rekonstruksiyasi uchun salkam $500 ming ajratadi

Koreya Tashqi ishlar vazirligi va Seul meriyasi Toshkent shahridagi Seul bog‘ini rekonstruksiya qilish uchun salkam 500 ming dollar ajratadi. Bu haqda Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Kim Xi Sang poytaxt hokimi bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

AKT vazirligi va “Aloqabank” binolari sotuvi bekor qilindi — Markaziy bank raisi

Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Aloqabank”ning Toshkent shahri markazidagi ma’muriy binolarini sotish va Black Gold Industry News`ga 390 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha kelishuvlar bekor qilindi, deya ma’lum qildi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov.

Yirik savdo markazlariga ijara to‘lovlarini xorijiy valyutaga bog‘lashga ruxsat beriladi

Hukumat komissiyasi ijara to‘lovlarini xorijiy valyutaga bog‘lashga ruxsat berishi mumkin. Gap 200 mln dollardan ortiq sarmoya va 70 ming kvadrat metrdan ortiq ijara maydoniga ega yirik savdo va ko‘ngilochar markazlar haqida bormoqda. Toshkentda qurilayotgan birgina savdo markazi shunday talabga javob beradi.

Timur Muhamedjonov “O‘zkimyosanoat”ga rahbar bo‘ldi

“O‘zkimyosanoat” kompaniyasiga avval “O‘zkimyoimpeks” korxonasi direktori lavozimida ishlab kelgan Timur Muhamedjonov rahbar etib tayinlandi.

O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel-suv toshqini xavfi e’lon qilindi

5−7-may kunlari O‘zbekistonda kuzatiladigan kuchli yomg‘irlar sababli 9 ta viloyatda sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi, shamol tezligi kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda AQSh Global seysmik tarmog‘ining stansiyasi o‘rnatildi

AQSh Global seysmik tarmog‘ining (dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq stansiyalarni o‘z ichiga oladi) bir qismi bo‘lgan stansiya Jizzax viloyatiga o‘rnatildi. Shuningdek, AQSh O‘zbekistonga seysmik xavflarni baholash va qurilish qoidalarini yaxshilashda yordam beradi.

Aprelda O‘zbekistonda 5,5 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanildi

O‘zbekiston bo‘ylab aprel oyida 225 ta holatda iste’molchilar tomonidan 5,5 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanildi. Ularning eng ko‘pi Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Regulyator birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, iqtisodiyotdagi aksariyat ko‘rsatkichlar makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida ekanligini ta’kidladi. Yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozi 8,5−9,5 foiz darajasida saqlanib qoldi.

Vochaxliklarning aksariyati tog‘ga chorva boqishga chiqib ketgani uchun referendumda qatnashmagan — MSK

Surxondaryoning Vochax qishlog‘ida 30-aprel kuni referendum o‘tkazilmagani, qishloq ahliga byulleten ham berilmagani aytilgandi. MSK mazkur hudud uchun ko‘chma quti yuborilgani, biroq aksariyat fuqarolar chorva mollariga qarash uchun tog‘ga chiqib ketgani sababli yashash manzilida bo‘lmaganini ma’lum qildi.

O‘zbekistondagi 58 ta bolalar bog‘chasida “Mehribonlik korpusi” ko‘magida kitob burchaklari tashkil etildi

“Mehribonlik korpusi” va MakGovern-Doul dasturi tomonidan Surxondaryo va Qoraqalpog‘istondagi 58 davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kitob burchaklari ochildi. Ushbu muassasalarga to‘rt tilda salkam 5800 ta kitob hadya qilingan.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o‘tishga ruxsat berildi

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o‘tishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Endilikda fuqarolar har ikki davlat chegarasidan pasport ko‘rsatmasdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Senat xodimlarni kasbiy xavf-xatardan himoya qilish bo‘yicha xalqaro konvensiyani ma’qulladi

Senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni ma’qulladi.

Qashqadaryoda erkak o‘g‘liga tegishli korxonaning 30 sotix yerini 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘ldi

Qashqadaryoda ota o‘g‘lining nomidagi xususiy korxonaning 30 sotix yerini 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganda ushlandi. Samarqand va Sirdaryoda ham fuqarolar xo‘jalik yerini noqonuniy sotayotganda qo‘lga tushgani aytilmoqda. Hozirda holatlar bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

UzAuto Motors`ning sof foydasi birinchi chorakda salkam 2 baravarga kamaydi

UzAuto Motors 2023-yilning birinchi choragida 258,76 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi. Biroq bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43,8 foizga kam.

Toshkentda sotuvchi ayol o‘zini yoqib yubordi

Olmazor tumanida savdo qilish uchun joy talashgani aytilgan ayol ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yubordi. U 35 foiz termik kuyish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shahar IIBB ayol bundan avval ham o‘zini yoqishga uringani, hozirda prokuratura ishni tekshirayotganini bildirdi.