Noyabr odatdagidan biroz quruqroq va sovuqroq bo‘ladi

Sinoptiklar noyabr odatdagidan biroz quruqroq va sovuqroq bo‘lishini prognoz qilmoqda. Oy davomida iliq va sovuq to‘lqinlar bir-biri bilan o‘rin almashadi. Harorat kechalari +2…+8 daraja, kunduz kunlari +5…+18 darajagacha o‘zgarib turadi. Sovuq davrlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlaridagi OTM talabalariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berildi

Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan Rossiyaning Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarda o‘qiydigan O‘zbekistonliklarga o‘qishni istisno tariqasida ko‘chirish imkoni berildi. Arizalar 1 noyabrdan boshlab my.dtm.uz sayti orqali qabul qilinadi.

Qoraqalpog‘iston voqealarida ishtirok etgan yana 35 nafar ayblanuvchi «jamoat kafilligi asosida» ozodlikka chiqarildi

Parlament komissiyasi tashabbusi bilan yaqinlari bag‘riga qaytarilgan ayblanuvchilar soni 107 nafarga yetdi. Yana qancha ayblanuvchi tutqunlikda qolayotganiga aniqlik kiritilmagan.

To‘lov tizimlari DSQning fiskallashtirish talabi sababli bir qator to‘lov turlarini o‘chirdi

Soliq qo‘mitasi to‘lov tizimlaridan barcha to‘lovlarni fiskallashtirishni talab qildi. Yuzaga kelgan vaziyat O‘zbekistondagi elektron tijorat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Prezident imtiyozlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Shavkat Mirziyoyev imtiyozlar samaradorligi tahlili bo‘yicha yig‘ilishda soliq va bojxona imtiyozlarini xatlovdan o‘tkazish, samarasizlarini bekor qilish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun preferensiyalarni bir xillashtirish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston prezidentining Germaniya kansleri bilan uchrashuvi masalasi ishlab chiqilmoqda — TIV

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Burbok bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Vladimir Norov jurnalistlarga mamlakat Germaniya bilan oliy darajada muloqot o‘rnatish, Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuv tashkil etishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

«Navoiy-Qoplonbek» o‘tkazish punkti 1 noyabrdan emas, 1 dekabrdan yopiladi

O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi «Navoiy (Zangiota)-Qoplonbek» avtomobil o‘tkazish punktlari 1 noyabrdan emas, 1 dekabrdan yopiladi. Rekonstruksiya ishlari ikki davlat o‘tkazish punktlarida bir vaqtning o‘zida boshlanadi va yakunlanadi.

Xorazmning deyarli barcha maktablarida bepul tushlik tarqatilmoqda, Qoraqalpog‘istonda esa bu amaliyot hali boshlanmagan

Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul tushlik tarqatish bo‘yicha vazifa ijrosini ta’minlashda kamchiliklar aniqlangan. Xususan, hukumat qarorni kech qabul qilgani, mablag‘ning kamligi va maktablarda zarur infratuzilma yo‘qligi asosiy muammolar sifatida ko‘rsatilgan.

oktabr oyida inflyatsiya 1,2 foizni tashkil etdi

oktabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 12,2% ga yetdi. O‘tgan oyda inflyatsiya xizmatlar sohasida eng kuchli bo‘lgan — 1,5%. Oziq-ovqatlar 1,4%ga, nooziq-ovqat mahsulotlar esa 0,9%ga qimmatlashgan.

IIV muddati o‘tgan biometrik pasportlarni ID-kartalarga almashtirishga chaqirdi

Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni muddati o‘tgan biometrik pasportlarini zudlik bilan shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalarga almashtirishga chaqirdi.

Buxoroda bino qulashi oqibatida bir kishi jarohatlandi

«Kogon Quruvchi montaj» MCHJga qarashli binoning yuk konstruksiyalari (regil plitalari) quladi. Oqibatda quruvchi bo‘lib ishlayotgan fuqaro jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi.

Jizzaxda avariyada vafot etgan marhumning qarindoshlari ekspertiza o‘tkazishga qarshilik qilishdi

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida Lada «Jiguli» bilan to‘qnashdi. Oqibatda bir haydovchi va ikki yo‘lovchi vafot etdi. Marhumlardan birining qarindoshlari ekspertiza o‘tkazilishidan norozi bo‘lib, IIO xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani aytilmoqda.

Bo‘stonliqda uch kishi bir yigitni kaltaklab, unga ko‘kdori sepdi

Tarmoqlarda 3 kishi bir yigitni kaltaklab, unga ko‘kdori (zelyonka) sepgani aks etgan video tarqaldi. Poytaxt IIBB voqea Bo‘stonliqda sodir bo‘lgani va yigit giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganini ma’lum qildi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Farg‘onada qiymati $10 mln bo‘lgan metallarga ishlov berish liniyasi ishga tushirildi

Farg‘onadagi Uzsungwoo qo‘shma korxonasida metallarga qizdirilgan holda ishlov berish tarmog‘i ishga tushdi. Natijada 120 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, ishlab chiqarish hajmi $95 mlnga oshdi. Yangi texnologik jarayon Tracker va Onix avtoulovlari uchun 20 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga imkon beradi.

Tong vaqti Andijon va Farg‘ona viloyatida zilzila bo‘ldi

Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila Andijon (Marhamat va Buloqboshi tumanlarida — 2 ball) va Farg‘ona (Quvasoy va Xo‘jaobod tumanlarida — 2 ball) viloyatida ham sezildi.

Qator shaharlarda «Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi» bo‘lib o‘tadi

1−3 noyabr kunlari Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida «Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi» bo‘lib o‘tadi. Haftalik doirasida islom iqtisodiyoti, halol turizm, islom san’ati va boshqa mavzularda ko‘plab konferensiya, festival, ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish rejalashtirilgan.