O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Xivani ziyorat qildi (foto)

30 mart kuni Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an hamda ularning rafiqalari Xorazmga tashrif buyurdi. Davlat rahbarlari birgalikda Xivadagi qadimiy obidalarni, jumladan Ichan qal’ani ziyorat qildi.

MB rahbari o‘rinbosari — tashqi risklar va shoklar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi haqida

Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamrayev dunyoda ro‘y berayotgan so‘nggi voqealar O‘zbekiston iqtisodiyotiga uchta kanal: valyuta kursi, inflyatsiya va moliyaviy barqarorlik orqali salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. U valyuta kursi va narxlarni barqarorlashtirish maqsadida regulyator qanday chora-tadbirlar ko‘rayotgani xususida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Markaziy bank YAIM o‘sishi, inflyatsiya va investitsiyalar oqimi bo‘yicha prognozlarini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Tergov vaqtida shaxs qiynoqqa solinsa, unga yetkazilgan zararni davlat to‘lab beradi

Tergov va surishtiruv vaqtida shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zararni davlat to‘lab beradi. Fuqarolik kodeksiga bu borada tegishli qo‘shimcha kiritildi.

Rubl kursi nega ko‘tarilmoqda — iqtisodchilar fikri

30 mart kunidan amal qiluvchi kurslarga ko‘ra, 25 fevraldan boshlab hisoblaganda rublning eng ko‘p mustahkamlanish holati kuzatildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov rubl kursining mustahkamlanishi sabablarini keltirib o‘tdi. Rus iqtisodchisi Dmitriy Polevoyning fikriga ko‘ra, rubl kursi oldingi 70+ [bir dollar uchun rubl] darajasiga qaytishi mumkin. «Buning uchun hech qanday texnik to‘siqlar yo‘q», — dedi u.

Qoidalarni buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkin — DTM rahbari

DTM rahbari Majit Karimov joriy yilgi test sinovlarini o‘tkazishdagi muhim o‘zgarishlarni sanab o‘tdi. Jumladan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil 2 mln nafarga yaqin talabgor test sinovidan o‘tkazilishi prognoz qilinmoqda. Ayni paytda uchta viloyatda test sinovlarini yil davomida o‘tkazishga mo‘ljallangan binolar qurilmoqda. Shuningdek, u qoidalarni buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Qozog‘istonga poyezdlar qatnovi tiklanishi kechiktirildi

Qozog‘iston karantin cheklovlari tufayli Nukus-Beyneu va Olmaota-Toshkent yo‘nalishidagi poyezdlar harakatini qayta tiklash muddatini kechiktirdi.

Samarqandda talaba qiz o‘zini yotoqxonaning 9-qavatidan tashlab yubordi

Samarqand davlat universitetining kechki bo‘limida tahsil olgan qiz o‘zini yotoqxonaning 9-qavatidan tashlab yubordi. OTM prorektori talabaning universitet o‘qituvchilari va talabalari bilan hech qanday nizoli vaziyati bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Uzcard kontaktsiz to‘lov kartalarini taqdim etdi, ular 5 daqiqada chiqarib beriladi

Uzcard NFC texnologiyasi bo‘yicha kontaktsiz to‘lovni qo‘llab-quvvatlovchi yangi turdagi kartani taqdim etdi. Kompaniya ma’lum qilishicha, mijoz bankka murojaat qilgan vaqtdan mazkur kartani faollashtirishga qadar bo‘lgan muddat 5 daqiqani tashkil etadi. Ushbu kartalarning raqami ham odatdagidek 8600 dan emas, balki 5614 dan boshlanadi.

Buxoroda viloyat sudi raisi o‘rinbosari «odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun» lavozimidan ozod qilindi

Prezident farmoyishi bilan Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi «odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun» lavozimidan ozod qilinib, sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar hamda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyalarining vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.

Sirdaryoda $7,7 mlnlik kriptovalyuta ishlab chiqargan noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi

DXX Boyovut tumanida xorijiy korxona va mahalliy MJCH birgalikda quyon yetishtirish niqobi ostida noqonuniy mayning ferma tashkil etganini aniqladi. Buning oqibatida fermada 2020 yilning avgustidan beri 7,7 mln dollarga teng kriptovalyuta ishlab chiqarilgani, qolaversa, katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda to‘lov qilish orqali davlat manfaatiga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani aytilmoqda.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishni yaxshilash rejalashtirilmoqda

Hukumat Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishni tubdan yaxshilash bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladi. Qo‘llardagi ekologik vaziyat monitoringini o‘tkazish, ularga tashlanayotgan kollektor-drenaj suvlar sifatini o‘rganish, qirg‘oqlarda o‘rmonzorlar barpo etish belgilandi. Dekabrda bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida ko‘llar tizimidagi suv hajmi kamayib, ekologik muammolar ortib borayotgani qayd etilgan edi.

Buxoroda tovus patini yulgan qizning onasiga bayonnoma tuzildi

Buxorodagi «Sitorai Mohi Xossa» tarixiy muzey-majmuasida tovus patini yulib olgan qizning onasiga bolalarni tarbiyalash borasidagi majburiyatlarni bajarmagani uchun bayonnoma tuzildi.

Urgutda 3,6 sotix yerni 40 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan MTP rahbari qo‘lga olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida firibgarlik yo‘li bilan yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Jumladan, Urgutda MTP rahbari 3,6 sotix yerni 40 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lib, 30,4 mln so‘mni kombaynchisi orqali olayotganda ushlandi.

Davlatning ayrim AJlardagi «oltin aksiya» huquqi bekor qilindi

O‘zbekistonda strategik tarmoqlarning xususiylashtiriladigan ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi — «oltin aksiya» bekor qilinmoqda. Qolaversa, endi unitar korxonada kuzatuv kengashi tashkil etilishi va u korxona boshqaruv organi bo‘lishi mumkin. Kengash a’zolarining vakolat muddati esa 3 yilgacha uzaytirildi.

Toshkent viloyatida yangi IES ishga tushirildi, Sirdaryoda esa yana bir IES qurilishi boshlandi

Turkiyaning Cengiz Enerji kompaniyasi Toshkent viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirdi hamda Sirdaryo viloyatida yana bir IES qurilishini boshladi. Turkiya va O‘zbekiston prezidentlari ramziy tugmani bosib, Qibray tumanidagi IESni ishga tushirdi va Xovos tumanidagi IES qurilishini boshlab berdilar.

Toshkentda mozaikalarni tozalash boshlandi

Toshkentdagi uylardan biridagi sement qoplangan mozaikani tozalash boshlandi. Hokimlik bayonotiga qaramasdan, mozaikalarni baribir bo‘yash rejalashtirilgan. Biroq jarayon jamoatchilik aralashuvi sababli to‘xtatib qoldi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan fotoreportaj

O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro munosabatlar maqomini «keng qamrovli strategik sheriklik» bosqichiga olib chiqadi

O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar maqomini «keng qamrovli strategik sheriklik» bosqichiga ko‘tarishga kelishib oldi. Muzokaralar yakunida 10 ta hujjat, shu jumladan, imtiyozli savdo, mudofaa sohasida hamkorlik va mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. Shuningdek, Rejep Tayyip Erdog‘an Shavkat Mirziyoyevni Turkiyaga taklif qildi (foto).