Senat go‘sht va kartoshka importini QQSdan ozod qilishni ma’qulladi

Senatorlar yil oxirigacha go‘sht mahsulotlari, muzlatilgan baliq, tirik hayvonlar va kartoshka importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Soliq imtiyozlari ortidan budjet 250 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ni yo‘qotadi.

Ramiz Usmonov Alisher Navoiy teatri rahbari bo‘ldi

O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga rahbar etib tayinlandi.

“Yil oxirigacha 80 foiz aholi koronavirusga qarshi emlanadi” — Behzod Musayev

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev O‘zbekistonda yil yakuniga qadar 80 foiz aholi koronavirusga qarshi emlanishini ma’lum qildi. U O‘zbekiston jahonda vaksinalash jarayoni bo‘yicha juda yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan mamlakatlar orasida ekanligini ta’kidladi. SSV ma’lumotlariga ko‘ra, 18 oktabr holatiga rejadagi aholi qismining 27,57 foizi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.

Endi uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etganlar ham farzand asrab olishi mumkin

Prezident farzand asrab olish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, hayotga, sog‘liqqa qarshi, giyohvandlik va boshqa jinoyatlarni qasddan sodir etganlar bola asrab olishi mumkin emas deb belgilanmoqda. Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan va jazo muddatini o‘taganlarga esa farzand asrab olishga ruxsat beriladi. Qolaversa, farzandlikka oluvchi va olinuvchi yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo‘lmasligi shart.

Ayollar, tinchlik va xavfsizlik global indeksida O‘zbekiston 74-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston Ayollar, tinchlik va xavfsizlik global indeksida 170 ta mamlakat ichidan 74-o‘rinni egalladi. Reyting ayollarning xavfsizligi, ularning parlamentdagi ulushi, diskriminatsion normalar singari kategoriyalar asosida tuzilgan.

Qariyb 422 ming fuqaro saylovda muddatidan oldin ovoz berdi

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 14−20 oktabr kunlari prezidentlik saylovlarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarida jami 421 618 nafar fuqaro qatnashdi.

561 ta kompaniya 123 mln dollarlik valyuta kreditlarini so‘mga o‘tkazishga rozi bo‘ldi — Markaziy bank

Tijorat banklari tomonidan valyutada 1 mln dollargacha qarzi bo‘lgan (umumiy qarzdorlik 2,5 mlrd dollar) 15 mingdan ortiq korxonalarning xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarni so‘mga o‘tkazish bo‘yicha takliflar yuborilgan. Markaziy bank raisining aytishicha, 561 ta kompaniya valyutadagi kreditlarini so‘mga o‘tkazishga rozilik bildirgan, lekin bu amaliyot kelgusida ham davom etadi.

“Tolibon mafkurasini O‘zbekistonga olib kirishning umuman iloji yo‘q” — Abdulaziz Kamilov

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston hukumati mamlakatga toliblar mafkurasining kirib kelishidan xavfsiramasligini ta’kidladi. “Toliblar qandaydir mafkurani eksport qilishni boshlashiga juda ko‘p vaqt talab etiladi”, dedi u. Vazir harakat va uning rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarib borishi mumkinligini ham qayd etdi.

“O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanish cho‘qqisida” — TIV rahbari

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov hozirda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘z rivojlanishining eng yuqori cho‘qqisida ekanligini ta’kidladi. U, shuningdek, O‘zbekistonda rus tili millatlararo muloqot tili bo‘lib qolayotganini, Rossiyada o‘zbek tiliga qiziqish borligi haqida qo‘shimcha qildi. Vazir noyabrda bo‘lishi kutilayotgan O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga tashrifi uchun katta hujjatlar to‘plami tayyorlanganligini ma’lum qildi.

O‘zbekistonga Yangiobod va Chorkesardagi uran maydonlari ekologiyasini qayta tiklash uchun €2 mln ajratiladi

YeTTB boshqaruvidagi Markaziy Osiyo uchun Ekologik qayta tiklash hisobi Yangiobod va Chorkesardagi eski uran shaxtalarini yopish uchun 2 mln yevro miqdorida grant ajratadi.

Toshkent KXSHTga qaytish zaruriyatini ko‘rmayapti — Abdulaziz Kamilov

O‘zbekiston hukumati hozircha KXSHTga qaytish zaruriyatini ko‘rmayapti, aniq tahdidlarni aks ettirish vazifasi bor, deya ma’lum qildi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov. “Biroq hodisalar, vaziyatning qanday rivojlanishini Xudo biladi. Hamkorlik shakllari ham o‘zgarishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

AQSh harbiylarini O‘zbekistonga joylashtirishga zarurat yo‘q, Vashingtonda bu haqda bilishadi — TIV

TIV rahbari Abdulaziz Kamilov AQSh harbiylarini O‘zbekistonga joylashtirish imkoniyatlari haqidagi savolga javob berar ekan, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyasida “o‘zaro munosabatlarimiz chegaralari” belgilab berilganini eslatdi. “Ko‘plab siyosiy maslahatlashuvlarda amerikaliklarga bu narsa O‘zbekiston uchun mutlaqo qabul qilinmasligi yetkazilgan”, — dedi vazir.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

“Qonun qabul qilinishini bir necha yillardan beri kutayotgandik”. Nogironlar, Karlar va Ko‘zi ojizlar jamiyatlari Senatga murojaat qildi

Nogironlar, Karlar va Ko‘zi ojizlar jamiyatlari senatorlar rad etgan “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida"gi qonunni ma’qullashni so‘rab, Senatga murojaat qildi. Unda imkoniyati cheklangan shaxslar ushbu qonunni bir necha yildan beri kutayotgani, aslida “boshidan o‘tkazgan” insongina holat qandayligini bilishi ta’kidlangan. Jumladan, so‘nggi 3 yilda Karlar jamiyati korxonalarining daromadi 5 baravargacha tushib ketgani, ulardagi ishchilar soni esa 2000 yildagi 4900 kishidan 2020 yilga kelib 1479 nafarga kamaygani aytilgan.