2024-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi oshdi. Bu haqda 25-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

mamarizo nurmuratov, markaziy bank, pul o‘tkazmalari, rossiya

Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, pul o‘tkazmalari hajmi 8,6 foizga — 2,3 milliard dollardan 2,5 milliard dollargacha oshgan. Bu 2022-yil (1,46 milliard dollar) va 2021-yil (1,41 milliard dollar) birinchi choraklaridan ham yuqori. “Rossiya va Qozog‘istonning ulushi 84 foizgacha kamaydi. Rossiyaning ulushi sezilarli darajada — 68 foizga kamaydi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oxirida Rossiyaning pul o‘tkazmalaridagi ulushi qariyb 87 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda ko‘rsatkich 78 foizga kamaygan.

2019−2021-yillarda Rossiyadan yuborilgan pul o‘tkazmalari O‘zbekistonga jami pul o‘tkazmalari hajmining atigi yarmini tashkil qilgan.

O‘tgan yil oxirida Jahon banki Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmining bosqichma-bosqich qisqarishini qayd etgan edi. Bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni qisqargani, so‘m kursining rublga nisbatan mustahkamlangani va rubl inflyatsiyasi bilan izohlangan.

Markaziy bank avvalroq mehnat migratsiyasida geografik diversifikatsiya kuzatilayotgani, Rossiyadan pul o‘tkazmalari ulushi kamaygani haqida ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev 100 mingga yaqin fuqaroni tashkiliy ravishda xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish uchun o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Keyinchalik Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniya, shuningdek, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardagi 50 mingta vakansiya uchun tanlov e’lon qilgandi. Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va o‘qitish bo‘yicha ham yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda.