Qanday uylar boshqaruvchi kompaniyalarga biriktiriladi?

O‘zbekistonning 15 ta hududidagi 1227 ta ko‘p qavatli uy, shu jumladan, Toshkentning Yunusobod tumanidagi ikkita mavzeda joylashgan uylar boshqaruvchi tashkilotlarga biriktiriladi. Ular ochiq tanlov orqali tanlanadi. Hujjatning ayrim bandlari Uy-joy kodeksiga va “Ko‘p qavatli uylarni boshqarish to‘g‘risida"gi qonunga zid bo‘lishi mumkin.

Senatning 16-yalpi majlisi 25 iyun kuni chaqiriladi

Senat 16-yalpi majlisda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi, davlat tili to‘g‘risidagi va boshqa qator qonunlarni ko‘rib chiqib, Toshkent viloyatining tuman va shaharlari chegaralarini o‘zgartirish masalasini muhokama qiladi.

O‘zbekiston 2021 yilda “Gazprom"dan 1,5 mlrd kub gaz sotib oldi

2021 yilning birinchi choragida O‘zbekiston “Gazprom"dan Xitoyga (0,54 mlrd kub metr) eksport qilganidan ham ko‘proq gaz sotib oldi. 2020 yilda mamlakat “Gazprom"ga gaz yetkazib berishni to‘xtatgan edi.

50 yoshdan oshgan fuqarolar hamda OTM professor-o‘qituvchilarini emlash boshlanadi

O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi emlanadiganlar guruhi kengaytirildi. Endi 50 yoshdan oshgan fuqarolar va OTM professor-o‘qituvchilarini emlash boshlanadi. So‘nggi kunlarda infeksiya bilan kasallanish holatlari biroz ortganligi sababli hududlarda koronavirus bemorlarini davolashga yo‘naltirilgan tibbiyot muassalarining tayyorgarlik holatini tahlil qilish va zarur dori vositalari zaxirasini shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Koronavirus sababli O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegarani yopdi

Afg‘onistonda epibemiologik vaziyatning keskinlashayotganligi sababli o‘zbek-afg‘on chegarasida fuqarolarning harakatlanishi vaqtincha to‘xtatiladi.

TIV O‘zbekistonda maxfiy biologik qurol ishlab chiqarilayotganini rad etdi

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonda maxfiy biologik qurol ishlab chiqarilayotganini rad etdi. Ma’lum qilinishicha, ushbu laboratoriyalar faqat diagnostik tadqiqotlar o‘tkazish va tinchlik maqsadlaridagina foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Kun.uz rahbari saytdagi diniy mavzuda e’lon qilingan maqolalar uchun jarimaga tortildi

Saytda e’lon qilingan diniy mazmundagi materiallar uchun Kun.uz asoschilaridan biri va rahbari 12,2 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Sud qaroridan keyin nashr yangiliklarni e’lon qilishni to‘xtatdi.

Surxondaryoda tez yordam mashinasini o‘tkazmagan YPX xodimlari lavozimidan ozod etildi

Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan “Yoshlar festivali” sababli YPX xodimlari yo‘lning harakatlanish vaqtincha cheklangan qismida chaqiruv bo‘yicha manzilga ketayotgan tez yordam mashinasini o‘tkazmagan. Ma’lum bo‘lishicha, 21 iyun kuni ushbu xodimlar lavozimidan ozod etilgan.

Navoiyda to‘rt nafar tilla qazuvchi vafot etdi, uch kishi shifoxonaga yotqizildi

Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda tilla qumlarini qazib olish bilan shug‘ullangan to‘rt kishi “elektrodvijok"dan chiqqan yoqilg‘i tutunidan zaharlanib, vafot etgan. Yana uch nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgan.

Klaster usulida mebel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Hududlarda klaster usulida mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Tadbirkorlar mahsulot eksportini yo‘lga qo‘ygan taqdirda bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi, qolaversa, homashyo va ehtiyot qismlar importi uchun bojxona bojidan ozod qilinadi.

“Maqsad bizning ovozimizni o‘chirish bo‘ldi” — Azon.uz rahbariyati saytdagi maqolalar uchun jarimaga tortildi

Azon.uz nashri rahbariyati saytda e’lon qilingan diniy mazmundagi maqolalar uchun jarimaga tortildi. Shuningdek, sud saytdagi ba’zi xorijiy xabarlarni “O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan munosabatini buzishi mumkin” deb topgan. Azon.uz bosh muharriri “Gazeta.uz"ga ushbu sud jarayonini “jurnalistik faoliyatga tajovuz” deya ta’rifladi. Uning aytishicha, Diniy qo‘mita tahririyatga diniy materiallarni mustaqil chiqarish uchun og‘zaki ruxsat bergan bo‘lgan. Sud qaroridan keyin nashr yangiliklarni e’lon qilishni to‘xtatdi.

Abdulla Aripov Rossiya bosh vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Moskvada Rossiya hukumati rahbari Mixail Mishustin bilan uchrashdi. Rossiya bosh vaziri O‘zbekistonning YeOIIda to‘laqonli ishtirok etishi iqtisodiyot o‘sishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. Uchrashuvda, yangi o‘quv yilidan O‘zbekistonda Rossiya oliygohlarining yana uchta filiali ochilishi, Rossiyadan yana 200 nafar o‘qituvchilar O‘zbekistonga yuborilishi ma’lum qilindi.

Niqobsiz shaxslar jamoat transportlari saloniga chiqarilmaydi

Respublika maxsus komissiyasi yo‘nalishli avtobus va metroga niqobsiz bo‘lgan shaxslarni transport vositalari saloniga chiqarmaslik bo‘yicha qarorni qabul qildi. Temir yo‘l vokzallari va aeroportlarda esa karantin choralariga rioya qilinishi qat’iy nazoratga olinadi.