“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini nazorat qilish uchun elektron dastur yaratildi

“Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar doirasida qishloq va mahallalarda amalga oshiriladigan qariyb 21 trln so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarni onlayn nazorat qilish imkoniyati yaratildi. Qolaversa, dasturlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish uchun esa maxsus telegram bot ishlab chiqildi.

Shoazim Minovarov prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlandi

Shoazim Minovarov prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori hisoblanadi.

Qurilish vazirining o‘rinbosari o‘zgardi

Sariosiyo tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan O‘ktam To‘rayev qurilish vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

DSQ Xavfni tahlil qilish va soliq to‘lovchilarni segmentlash departamenti boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan Jaxongir Abdiyev Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimi etib tayinlandi.

Sariosiyo tumaniga yangi hokim tayinlandi

Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat yuritayotgan Abdusalom Xo‘jaqulov Sariosiyo tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Bir guruh shaxslar XDP deputatini kaltakladi

Surxondaryoning Boysun tumanida bir guruh shaxslar Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi deputatini kaltakladilar. XDP ushbu hodisa bo‘yicha “surishtiruv ishlari boshlanganiga bir yarim oydan oshgan bo‘lsa-da, hamon muayyan bir xulosaga kelinmagani” ni ma’lum qildi.

Muzaffar Komilov Xalqaro islom akademiyasiga rahbar etib tayinlandi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosariga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining rektori vazifasini bajarish yuklatildi.

UzReport TV Beeline ustidan sudga murojaat qildi

UzReport TV o‘z mobil ilovasida telekanallarning qayta translyatsiyasi tufayli Unitel (Beeline) kompaniyasini mualliflik huquqini buzganlikda ayblab, unga qarshi sudga murojaat qildi. Beeline Uzbekistan ushbu ayblov bilan rozi emasligini va o‘z pozitsiyasini qonunlar doirasida himoya qilishga tayyorligini bildirdi.

“Men o‘zim borib u lavozimlarni talab qilib, olganim yo‘q”. Aziz Abduhakimov 5 ta lavozimda ishlashi haqida

Seshanba kuni “Besh tashabbus” festivali doirasida bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov yoshlarni savollariga javob berar ekan, “Men o‘zim borib u lavozimlarni talab qilib olgan joyim yo‘q”, — dedi u. U shuningdek, 5 ta lavozimi orasidan faqat bosh vazir o‘rinbosarligi uchun oylik maosh olishini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, “Besh tashabbus harakati” davomida Aziz Abduhakimov yoshlar bilan muloqot qildi va turizm sohasida birdaniga 3 ta taklifni bildirgan Shahboz Zaripovni vazirlikka ishga taklif qildi.

Vazirlar Mahkamasi hududida mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilariga kuch ishlatilgani aytilmoqda

22 may kuni Vazirlar Mahkamasiga yordam so‘rab borgan mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchilari ichki ishlar xodimlari ularga kuch ishlatishganini ta’kidlamoqda. Toshkent shahar IIBB voqea yuzasidan xizmat tekshiruv o‘tkazmoqda. Holat IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.

Tez tibbiy yordam xizmatida “Damas"dan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda

Tez tibbiy yordamda “Damas” avtomashinasidan butunlay voz kechish rejalashtirilmoqda. Uning o‘rnini B va S klassidagi tibbiy transport vositalari egallaydi. Joriy yilning o‘zida 1000 dona B klassiga mansub zamonaviy mashinalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.

2020 yilda tez tibbiy yordam xizmatiga dori-darmon va tibbiy buyumlar sotib olish uchun 58 mlrd so‘m ajratilgan. Bu — 2016 yilga nisbatan 12 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgan degani. Joriy yilda har bir tez tibbiy yordam chaqirig‘i uchun 7700 so‘mdan ajratiladi.

“O‘zagrokimyohimoya” AJ tugatilib, uning bir qism vazifalari tadbirkorlarga topshiriladi

“O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati tugatilib, uning vakolat va vazifalari boshqa tuzilmalarga o‘tkazish taklif qilindi. Xususan, mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar bilan ta’minlash erkin bozor tamoyillari asosida to‘liq xususiy sektorga beriladi. Shuningdek, o‘simliklarga kimyoviy ishlov berish xizmatlari ham tanlov asosida tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Jizzax va Andijon neft bazalari rahbarlari ishdan olindi

Andijon neft bazasida 33 mln so‘mlik kamomad va 24,3 mlrd so‘mlik debitorlik qarzlar aniqlandi. Bundan tashqari, xodimlarga ortiqcha oylik va mukofot pullari berilgani ma’lum bo‘ldi. 10 nafar mansabdor ishdan olindi.

Mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilarining kaltaklanishi holati Senat nazoratiga olindi

Uy-joy masalasida yechim izlab Vazirlar Mahkamasiga borgan mehribonlik uylarining sobiq tarbiyalanuvchilari IIO xodimlari tomonidan kaltaklangani holati Senat nazoratiga olindi. Ushbu holatga tez orada qonuniy baho berilishi aytildi.

“Men hokimiyat binosida emas, katta angarda o‘tirishni xohlayapman” — Jahongir Ortiqxo‘jayev

25 may kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtda bo‘lib o‘tayotgan “Besh tashabbus harakati” festivali doirasida yoshlar bilan uchrashdi.

“Biz yaqinda bir model o‘ylab chiqdik. Unga ko‘ra, hokimlik ishchilari umuman hokimlik binosida o‘tirishi noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham katta bir angarni ichida o‘tirishni xohlayapman”, — dedi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yoshlar bilan uchrashuvda.