Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) elektron nashrlarga «jiddiy huquqiy oqibatlar» to‘g‘risida ogohlantirishlar yubormoqda. Hozirga qadar uchta yetakchi nashrlar tashkilot rahbari Asadjon Xo‘jayev imzosi bilan «mujdalar» olganini e’lon qildi. Bir OAV — Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarda aholining elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi uzilishlar sabab «qalb faryodlarini» chop qilgani uchun ogohlantirish oldi.

Boshqa ikkitasi — «Gazeta.uz» va Podrobno.uz esa koronavirus bilan og‘rigan bemorlar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarning nomuvofiqligiga e’tibor qaratgani uchun. OAV ularning materiallari «mamlakat hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan sa’y-harakatlarga nisbatan salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin"ligi to‘g‘risida ogohlantirildilar. Avvalroq, MY5 telekanalining «Ochiqchasiga gaplashamiz» ko‘rsatuvi efirdan olib tashlangan, kanal esa xuddi shu AOKA tomonidan o‘sha — «salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin» iborasi bilan ogohlantirish olgan edi.

Ko‘plab taniqli blogerlar «salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishiga sabab bo‘lishi mumkin» bo‘lgan sabablarga qarshi kurashish o‘rniga ommaviy axborot vositalariga «musht ko‘rsatish» harakatiga e’tibor qaratdilar. Xushnudbek Xudoyberdiyev kinoyali tarzda «yurtimizda hamma joyda elektr bor, charog‘onligidan xalqning ko‘zi qamashyapti, har bir xonadonda gaz ham bor, lovullaganidan uddalay olmayapmiz» deb yozdi. Nikita Makarenko «yozganimiz, diydiyo qilganimiz, bir nimalar so‘raganimiz» uchun uzr so‘radi. Insider.uz blogi «Senzuraga yo‘l qo‘ymaslik va jurnalistning ishiga to‘sqinlik qilmaslik to‘g‘risidagi qonunlar bekor qilindimi?» degan savolni o‘rtaga tashladi. Nozim Safari vaziyatni «so‘nggi yillar so‘z erkinligi bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlarga aholi orasida ishonchni susaytirishga urinish» deb baholadi. Sobiq AOKA matbuot kotibi Hikmatilla Ubaydullayev (Po‘latov) tashkilotdan o‘z vaqtida ketgani uchun Xudoga shukrona keltirdi. Umuman olganda, o‘zini senzurachini rolida sinab ko‘rishga urinish, kutilganidek, teskari ta’sirni keltirib chiqardi.

Shunisi diqqatga sazovorki, vazifasi «fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirilishini ta’minlash, jurnalistlarning huquqlarini himoya qilish, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta’minlash» bo‘lgan Prezident administratsiyasi huzuridagi bu tashkilot — AOKAning harakatlari mamlakat oliy hukumatining maqsadlariga zid kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati ustidan hech qanday bosim o‘tkazmaslik, ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy huquqlarini buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligini aytib, ommaviy axborot vositalarini jamiyat ko‘zgusiga aylantirish zarurligi to‘g‘risida ta’kidlagandi. Mamlakat qonun chiqaruvchi organining yuqori palatasi bo‘lmish Senat rahbari Tanzila Norboyeva davlat organlari rahbarlari va xodimlari ommaviy axborot vositalari tanqidini to‘g‘ri qabul qilishlari va «ochiqlik va so‘z erkinligini demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri» sifatida tan olishlari kerakligini aytib o‘tgandi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Londonda bo‘lib o‘tgan OAV erkinligi bo‘yicha global konferensiyada so‘zga chiqib, O‘zbekiston bundan buyon ham OAV erkinligi va davlat idoralarining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni olib borishini va’da qilgandi. AOKAning sobiq rahbari va direktor o‘rinbosari, hozirda OAVni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Vasiylik kengashi rahbarlari Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva ham so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalarini to‘rtinchi hokimiyatga aylantirish zarurligi to‘g‘risida so‘z yuritgan edilar.

Biroq, AOKA xatlariga qaytamiz. Asadjon Xo‘jayevning ta’kidlashicha, Kun.uz mamlakat hukumatini aholiga qarshi jinoyatda ayblamoqda. Rasmiy xat yozilishiga sabab bo‘lgan materialda quyidagi jumla bor edi: «XXI asrda millatni gazsiz va chiroqsiz qoldirish — jinoyat, kechirib bo‘lmas jinoyat!» Agentlik direktori xatda muhim holatni e’tiborsiz qoldiryapti yoki o‘zini e’tiborsiz qoldirgandek tutyapti: nashr materiali ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarning yig‘indisi, xolos. Jurnalistlar shunchaki ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bayonotlarini to‘plab, e’lon qilishgan va har bir bayonot ostida mualliflarni ko‘rsatishgan. Yuqorida keltirilgan jinoyat haqidagi so‘zlar esa asarlari mamlakat tashqarisida bir necha bor nashr etilgan taniqli yozuvchi, shoir va adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdamga tegishlidir.

«Gazeta.uz» va Podrobno.uzga yuborilgan xatlarning sabablari yanada taajubliroq. Gap shundaki, har ikkala nashr Sog‘liqni saqlash vazirligi va prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan kovid bilan kasallanganlar statistikasidagi nomuvofiqlikka e’tibor qaratdi. Yana bir bor ta’kidlashga izn so‘rayman: OAVni kuzatib boruvchi aholi jurnalistlarsiz ham 2123 va 6570 raqamlari o‘rtasidagi farqni ko‘ra oladi — xayriyatki, o‘rta ta’lim majburiy bo‘lib, matematika maktab o‘quv dasturining fanlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari ham avvalroq kovid bo‘yicha haqiqiy va rasmiy ma’lumotlar orasidagi o‘n baravar farq haqida gapirgandi.

Endi «salbiy fikr-mulohazalar uyg‘onishi» haqida. Salbiy fikrlarni ijtimoiy muammolar keltirib chiqaradi: korrupsiya, urug‘-aymoqchilik, tovar va xizmatlarni normal narxlarda sotib olishga to‘sqinlik qilayotgan monopoliyalar, qiynoqlar, hokimlarning haqoratlari va qonuniyliki ta’minlashga mas’ul idoralarning bu haqoratlarga ko‘z yumishlari, qimmatbaho mashinalar sotib olishlar, hali qish boshlanishmasdan turib energetika inqirozi, oddiy qor tufayli poytaxtda transport tizimining izdan chiqishi…

Muammolarni hal qilish qiyinroq, ular haqida gapiradiganlarning «og‘zini yopish» osonroq va tezroq bo‘ladigan yumushday tuyuladi. Biroq bir narsani nazardan qochirishmoqda — butun aholining og‘zini yopish imkonsiz, undan tashqari mamlakatni ham avvalgidek «temir devor» ortida saqlab ham bo‘lmaydi. «O‘zbekiston endi ochiq, endi ilgarigi kabi yopilish mumkin emas. Biz endi chegaralarni yopmaymiz, internetni ham o‘chirmaymiz», — degan edi prezident ikki oy oldin.

Undan tashqari, Konstitutsiyaga murojaat qilsak, O‘zbekiston demokratik davlat bo‘lib, unda «har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir». Bu davlatda «ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi». Yuqoridagi gaplarda qo‘shtirnoq belgisi istehzo emas, balki mamlakat Asosiy Qonuni matnidan so‘zma-so‘z iqtibos olinganligini ko‘rsatmoqda.

Demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biri — bu fikrlarning xilma-xilligidir. Jamiyat a’zolari bir xil «ijobiy fikr»ga ega bo‘lishga majbur emaslar. Hamma bir xil fikrlashi talab qilinadigan jamiyatlar yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashi muqarrar, yoki sivilizatsiya yutuqlaridan bebahra qolishga majbur — bunga misollarni uzoqdan izlashning keragi yo‘q.

Adabiyotda antiutopiya deb ataladigan qiziq janr bor. Masalan, Oruellning «1984», Bredberining «Farengeyt bo‘yicha 451 daraja» yoki aka-uka Strugatskiylarning «Kimsali orol» asarlari shu yo‘nalishda yozilgan. AOKA rahbariyatiga shunday asarlarni tavsiya qilishga ijozat bergaysiz. Antutopiya mualliflari badiiy uslublar orqali ogohlantiradilar: fikrlar bostiriladigan jamiyatlar yuzaki qaraganda farovon tuyulsa-da, ichida juda zaif va mo‘rt bo‘ladilar. Bunday jamiyatlarda muammolar haqida gapirilmaydi, ular ichkariga yashiringan va shunga yarasha hal qilinmaydi. Vaqtida hal qilinmagan muammolar esa qor uyumi kabi tobora yangi muammolarni keltirib chiqaradi, natijada davlatning o‘zi xavf ostida qoladi.

Ommaviy axborot vositalari esa mana shu muhim vazifani bajaradi — muammolar tahdidli darajada kattalashib ketmasidan oldin ular haqida ogohlantirib, hal qilishga yordam beradi. Jamiyat jiddiy qabul qilmaydigan va kinoyali tarzda «Susambil» deb ataydigan (o‘zbek xalq ertaklarida jabrdiyda hayvonlar uchun jannat shunday deb atalardi) OAVlar bunday vazifani bajara olmaydi. Biz yaqin o‘tmishda bir qismi bo‘lgan davlatda ham OAVlar xuddi shunday zabonsiz edilar. Ma’lumki, bu davlat tarix qa’rida yo‘q bo‘lib ketdi. Umid qilamanki, biz mustaqil O‘zbekistonimiz uchun ham shunday taqdirni ravo ko‘rmaymiz.

P. S. Maqola yozilganidan keyin Daryo.uz va ayrim xususiy telekanallar ham AOKAdan ogohlantirish xatlari olgani ma’lum bo‘ldi. Keyingi navbat endi ijtimoiy tarmoqlarda akkaunti bor har bir fuqarogadir. Kim bilsin …

Muallifning fikri tahririyatning fikri bilan mos kelmasligi mumkin.