Uzum 100 mln dollardan ortiq mablag‘ jalb etdi
Uzum raqamli ekotizimi 100 mln dollardan ortiq mablag‘ni jalb qildi va O‘zbekiston tarixidagi birinchi texnologik “yakkashox” kompaniya bo‘ldi, uning bahosi 1 mlrd dollardan oshdi. Yig‘ilgan mablag‘ning yarmi kapitalga investitsiyalar, qolgani esa qarz mablag‘laridir.
Binolardagi mozaikalar va nihoyat madaniy meros obyektlari qatoriga qo‘shildi
Hukumat qarori bilan Toshkent shahri va viloyatlar binolaridagi 160 ga yaqin mozaik pannolar Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritildi. Bungacha ko‘plab mozaikalar bo‘yab tashlangan, qolganlari reklama bannerlari bilan qoplangan edi.
BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi
BMT Xavfsizlik Kengashi ilk bor G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va barcha garovga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatni 14 davlat qo‘llab-quvvatladi, AQSh betaraf qoldi.
Qirg‘iziston TIV mamlakat fuqarolarini Rossiyaga borishdan vaqtincha tiyilishga chaqirdi
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolariga zarurat bo‘lmaganda Rossiyaga vaqtincha bormaslikni tavsiya qildi. Rossiyadagi fuqarolardan odamlar gavjum joylarda harakatlanmaslik so‘raldi.
Fevralda O‘zbekistonda gaz, neft, elektr va benzin ishlab chiqarish kamaydi
Fevralda O‘zbekistonda gaz, neft, elektr energiyasi va benzin ishlab chiqarish hajmi pasaydi. Oy davomida gaz qazib olish 284,4 mln kub metrga, benzin ishlab chiqarish 8,1 ming tonnaga, elektr ishlab chiqarish 626,6 mln kVt/soatga kamaydi. Neft ishlab chiqarish hajmi ketma-ket yettinchi oy pasaydi.
Qashqadaryoda 20 kunlik chaqaloq shifoxonadagi zina ostiga tashlab ketildi
Qarshi shahrida shifoxonadagi zina ostiga 20 kunlik chaqaloq tashlab ketildi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Chaqaloq Kitob tumanidagi viloyat bolalar uyiga joylashtirildi.
“Olmazor” va “Yangihayot” metro bekatlari oralig‘ida poyezdlar vaqtincha bir tomonlama harakatlanadi
26-mart kuni soat 23:00 dan 00:00 ga qadar “Chilonzor” yo‘nalishining “Olmazor” — “Yangihayot” bekatlari oralig‘ida poyezdlar harakati bir tomonlama tashkil etiladi. “Yangihayot” va “Chinor” bekatlari oralig‘ida bu vaqt davomida bepul avtobus yo‘lga qo‘yiladi.
“Sayxunobod tajribasi” Farg‘ona vodiysidagi mahallalarga tatbiq etiladi
Prezident Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari bilan uchrashuvda mahallalarda Sayxunobod tajribasidan foydalanish topshirig‘ini berdi. Bunda asosiy e’tibor tomorqa va xonadonlar imkoniyatlaridan foydalanishga qaratiladi.
Nodirjon Turg‘unov O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi bo‘ldi
Nodirjon Turg‘unov O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi yangi elchisi etib tayinlandi. U bunga qadar Jidda shahridagi bosh konsul bo‘lib ishlagan.
Umra ziyoratini tashkil qilish uchun litsenziya joriy etish rejalashtirilmoqda
Qonunchilik palatasi Umra ziyoratini huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat ziyoratni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq faoliyat uchun litsenziya turini joriy etishni nazarda tutadi.
Suriyadagi terrorchilar safida jang qilib jarohatlangan o‘zbekistonlik yigit 6 yilga qamaldi
24 yoshli jizzaxlik yigit Suriyadagi terrorchilar safida jang qilib, jiddiy jarohatlangani ortidan O‘zbekistonga deport qilingandi. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qamchiq dovoniga yaqin hududda logistika markazi tashkil etiladi
Prezident Namangandagi yig‘ilishda viloyatning Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish va Nanay qishlog‘idagi sobiq “Karvon” bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirig‘ini berdi. Shuningdek, Namangan xalqaro aeroportidagi bo‘sh maydonda yuk terminali ishga tushiriladi.
Xitoy kompaniyasi Namangan viloyatida mis qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi
Xitoyning China Mining Energy Group kompaniyasi Namangan viloyati Chust tumanida mis rudalarini qazib olish va qayta ishlashni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati 200 million dollarga baholanmoqda.
Boeing rahbariyati laynerlar xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar tufayli iste’foga chiqmoqda
Boeing rahbarlari kompaniyaning eng katta inqiroziga olib kelgan samolyotlar xavfsizligi bo‘yicha bir qator mojarolardan so‘ng iste’foga chiqadi. So‘nggi baxtsiz hodisa yanvar oyida bo‘lgan: Alaska Air aviakompaniyasining 737 MAX 9 samolyotidagi eshik paneli parvoz paytida chiqib ketgandi.
O‘zbekiston Expo Osaka 2025 Butunjahon ko‘rgazmasida qatnashadi
O‘zbekiston Yaponiyada o‘tadigan Expo Osaka 2025 Butunjahon ko‘rgazmasida ishtirok etadi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi milliy pavilon qurilishi boshlanganini ma’lum qildi. Shuningdek, 2024-yilda Tadao Ando loyihasi bo‘yicha Davlat san’at muzeyi uchun yangi bino qurilishi boshlanadi.