O‘zbekiston kelasi yili Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Expo Osaka 2025 Butunjahon ko‘rgazmasida ishtirok etadi. Keng ko‘lamli tadbirda 170 dan ortiq davlatning texnologik, fan, iqtisodiy va madaniy yutuqlariga e’tibor qaratiladi.

Ko‘rgazma mavzusi “Designing future society for our lives” (Hayotimiz uchun kelajak jamiyatni loyihalash) bo‘lib, u ijtimoiy, jumladan, turmush darajasining pastligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohasidagi muammolar va hokazolarni hal qilish jarayonida yuqori texnologiyalardan foydalanishni nazarda tutadi.

Expo Osaka 2025 ko‘rgazmasi o‘tkaziladigan joy Osaka ko‘rfazidagi sun’iy Yumeshima oroli (yaponchadan tarjimada “Orzu oroli”)da bo‘ladi.

Foto: Expo Osaka 2025 sayti.Foto: Expo Osaka 2025 sayti.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotgan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi milliy pavilon qurilishi boshlanganini ma’lum qildi. Uni tayyorlash bo‘yicha ishlar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda 2023-yilda boshlangan. Pavilonning hamkori Shveysariyaning Nussli Switzerland qurilish kompaniyasi hisoblanadi.

Milliy pavilon ko‘rgazmaning g‘arbiy qismida, asosiy mamlakat pavilonlarining markaziy aylanasida joylashadi. Uch qavatdan iborat pavilon maydoni 800 kv.m. Jamg‘arma pavilonning me’moriy g‘oyasi ustida dunyoga mashhur ATELIER BRÜCKNER (Germaniya) kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlagan.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Pavilonda “Bilimlar bog‘i” ko‘rgazma loyihasi taqdim etilib, u tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning Barqaror rivojlanishning uchta ustuvor maqsadi: “Sifatli ta’lim”, “Hamyonbop va toza energiya” va “Sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma”ga muvofiq amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni namoyish qiladi.

Ko‘rgazma loyihasi taqdimotidan tashqari dasturda qator madaniy tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston Milliy kuni, shuningdek, ayollar pavilonida bo‘lib o‘tadigan panel muhokamasi ham o‘rin olgan.

“O‘zbekistonning Expo Osaka 2025 ko‘rgazmasida ishtirok etishi mamlakat uchun milliy yutuqlarni namoyish etish, sayyohlikni rivojlantirish, sarmoyalarni jalb qilish hamda xalqaro hamkorlik va madaniy almashinuvni kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochadi”, — deyiladi jamg‘arma matbuot xizmati xabarida.

Jamg‘arma raisi Gayane Umerova Yaponiyaga tashrifi doirasida mamlakat Madaniyat masalalari agentligi bosh direktori Nirohiko Nakahara va Yaponiya milliy madaniy meros instituti maslahatchisi Kuni Sato bilan uchrashdi. Uchrashuvda madaniyat va san’at masalalari bo‘yicha faol hamkorlik, jumladan, Nara milliy muzeyi va Osaka etnografik muzeyida ko‘rgazmalar hamda “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” sahna asari bilan O‘zbekiston milliy baletining ilk sayyor safarini tashkil etish, shuningdek, Tokio muzeyi vakillarining O‘zbekistonga muzey sara to‘plamlarini o‘rganish uchun tashrifini uyushtirish kabi masalalar muhokama qilindi.

expo osaka 2025, ko‘rgazma, madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, япония

Gayane Umerova, shuningdek, yaponiyalik arxitektor, Pritkserov mukofoti sovrindori Tadao Ando bilan ham uchrashdi. Jamg‘arma xabarida aytilishicha, 2024-yilda Tadao Ando loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston davlat san’at muzeyining yangi binosi qurilishi boshlanadi.

Ayni paytda binoning me’moriy loyihasi va dizayn g‘oyasi ustidagi ishlar nihoyasiga yetmoqda. “Tadao Andoga loyiha ijrosi bo‘yicha mualliflik nazoratini olib borish yuklandi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyi loyihasi.O‘zbekiston davlat san’at muzeyi loyihasi.

Turizm va sport vazirligi tomonidan 2022-yilda o‘tkazilgan taqdimot marosimida muzey yangi binosining qurilishi 2022−2023-yillarda Toshkentda: Abulqosim madrasasi, “Istiqlol” san’at saroyi va Alisher Navoiy haykali oralig‘ida olib borilishi rejalashtirilgandi.