Vazirlar Mahkamasining 25-martdagi qarori bilan Toshkent shahri va respublika viloyatlaridagi 157 ga yaqin mozaik panno monumental san’at yodgorliklari sifatida Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritildi.

Avvalroq 2023-yil avgust oyida Madaniy meros agentligining ilmiy-ekspertlik kengashi tomonidan 161 ta mozaika va pannolar ro‘yxati milliy ro‘yxatga kiritish uchun tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi.

Qarorda reyestrni to‘ldirishdan ko‘zlangan maqsad mozaika, panno va tasviriy san’at asarlarini har tomonlama o‘rganish, asrab-avaylash va ulardan oqilona foydalanish, shuningdek, ularning mamlakat turizm salohiyatini rivojlantirishdagi rolini oshirishdan iborat ekani yozilgan.

Ro‘yxatdagi mozaikalar davlat kadastriga kiritiladi. obyektlarning kadastr hujjatlariga ularning madaniy qiymati borligi to‘g‘risidagi yozuv qo‘shiladi.

Bundan buyon ro‘yxatga kiritilgan obyektlar mavjud binolarda, ularning muhofaza tegralari va tutash hududlarida rejalashtirilgan qurilish ishlari bilan bog‘liq har qanday faoliyat turi Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi kerak.

Ro‘yxatga kiritilgan mozaikalarning aksariyati Toshkentda joylashgan. Shuningdek, unda Nukus, Urganch, Xiva, Samarqand, Namangan, Andijon, Jizzax, Qo‘qon, Angren, Guliston va bir qancha tumanlardagi mozaikalar mavjud.

Jamoatchilik va faollar ko‘p yillar davomida binolardagi mozaikalarni saqlab qolish uchun kurashib kelmoqda. Birgina Toshkent shahrida so‘nggi yillarda ta’mirlash ishlari davomida turar-joy binolaridagi ko‘plab mozaikalar bo‘yalgan. Ko‘p qavatli binolardagi ko‘plab mozaikalar ulkan reklama bannerlari bilan qoplangan.

Sement bilan qoplangan va (qisman) tozalangan bino.Sement bilan qoplangan va (qisman) tozalangan bino.

2022-yilda hudud aholisining noroziligi poytaxt hokimligi yaqinidagi bir nechta binolarda mozaikalar bo‘yalishini to‘xtatib qolgandi. Bu vaqtga kelib ishchilar to‘qqiz qavatli binolarning katta qismlarini sement bilan qoplagan va ularni qo‘lda tozalashga majbur bo‘lgandi.

O‘shanda Chilonzor tumani hokimligi uylarning “fasadini ta’mirlash” qarori Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan qabul qilinganini ma’lum qilgandi.

2018-yilda Toshkentda aholi noroziligidan so‘ng mahalliy uy-joy shirkatlar uyushmasi tashabbusi bilan turar-joylardan biriga bo‘yab yuborilgan mozaika qanday tiklangani haqida ham yozgan edik.

madaniy meros, моддий madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati, mozaika, тошкент

O‘tgan yilning sentabr oyida Toshkent markazidagi gazeta ustaxonasi binosini buzish doirasida Arnold Ganga tegishli mozaik panno yangi joyga o‘rnatish uchun demontaj qilingan edi. Uni saqlab qolish kampaniyasiga Tashkent Modernism loyihasi asoschisi Aleksandr Fyodorov boshchilik qilgan. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mozaikaga yangi joy aniqlash uchun ochiq tanlov e’lon qilgandi.

madaniy meros, моддий madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati, mozaika, тошкент

2020-yilda “Gazeta.uz” gid Aziz Holmurodovning Toshkent toponimikasi haqidagi maqolasini e’lon qilgandi, unda, xususan, poytaxtning noyob mozaik pannolari, jumladan, bizgacha yetib kelmaganlari haqida so‘z boradi.