O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Namangan viloyatining Chust tumanida Xitoy bilan hamkorlikda mis rudasini qazib olish va qayta ishlash loyihasi bilan tanishdi.

Taqdimotda qayd etilishicha, loyiha qiymati 200 million dollarga baholangan, quvvati yiliga 30 ming tonna mis (taqqoslash uchun: O‘zbekistonda ushbu metallning eng yirik ishlab chiqaruvchisi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘tgan yili 148 ming tonna mis ishlab chiqargan). Loyiha Xitoyning China Mining Energy Group kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. 420 ta ish o‘rni yaratilishi, budjetga 121 milliard so‘m daromad keltirilishi kutilmoqda.

Geologik qidiruv ishlari aprel oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

Kompaniya matbuot kotibi Liu Fang Yuanning aytishicha, 2003-yilda tashkil etilgan China Mining Energy Group 32 milliard dollarlik aktivlarga va 40 ming xodimga ega. Kompaniya 17 mamlakatda oltin, mis va alyuminiy qazib chiqaradi.

2021-yil oktabr oyida sobiq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekiston mis mahsulotlarini sotishdan 2,5 milliard dollar daromad olayotgani, bu metallning qariyb 60 foizi xomashyo sifatida eksport qilingani haqida xabar bergan edi. 2030-yilga borib elektr transport vositalari va elektr jihozlari ishlab chiqarishning ko‘payishi hisobiga jahon talabining 40 foizga o‘sishi kutilmoqda. Vazirlikka OKMK mis klasteri negizida elektr zaryadlash shoxobchalari, shuningdek, elektromobillar va elektrobuslar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish tavsiya etildi.