26-mart kuni O‘zbekistonning Saudiya Arabistoniga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Nodirjon Turg‘unov Ar-Riyodga bordi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, 49 yoshli diplomat Toshkent davlat sharqshunoslik institutini (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) tamomlagan. Mehnat faoliyatini maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan.

Xususiy tuzilmalarda tarjimon sifatida, shuningdek, O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashida ishlagan. 2016-yildan beri Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritgan.

O‘tgan yillar davomida TIVning Konsullik-huquqiy departamentida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2019−2021-yillarda O‘zbekistonning Oqtov shahrida (Qozog‘iston), 2021−2024-yillarda esa Jidda shahrida (Saudiya Arabistoni) bosh konsul bo‘lib ishlagan.

Nodirjon Turg‘unov 2018—2024-yillarda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi va Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili lavozimlarida ishlagan Ulug‘bek Maqsudov o‘rniga tayinlandi.