Qonunchilik palatasi deputatlari 26-mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Umra ziyoratini huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqib, qabul qildi. Qonun loyihasi Umra ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq faoliyat uchun litsenziya turini joriy etishni nazarda tutadi.

Litsenziyalovchi organ sifatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitani belgilash rejalashtirilgan. Qonunchilik palatasi majlisida qonun loyihasi bilan fuqarolarning “Umra” ziyoratini huquqiy jihatdan tartibga solish va ziyoratchilarning haq-huquqlarini ta’minlash maqsad qilingani ta’kidlandi.

Hujjat bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga Umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha normalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini ishlab chiqish zaruriyati Umra tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmlari yaratilmagani ziyoratchilar huquqlarini to‘liq himoya qilish imkonini bermayotgani bilan izohlandi.

Eslatib o‘tamiz, 1-martgacha Umra ziyorati tashkil etish faoliyati turistik litsenziya orqali amalga oshirilardi. Prezidentning 9-yanvardagi farmoni bilan 2024-yil 1-martdan boshlab Turistik faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya (turagentlik faoliyati) xabardor qilish tartibi bilan almashtirilgandi. Lekin farmonda Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati bundan mustasno ekani qayd etilgandi.

2023-yil 8-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Qaror bilan Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshirilishi belgilangandi. Shuningdek, Umra xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etilgandi:

  • 100 ming dollardan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
  • Umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;
  • Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;
  • Umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
  • Umra xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.

Shuningdek, Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator murojaati asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisini ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etilgandi:

  • mutaxassisning ziyoratchilar guruhlariga rahbarlik qilishi bilan bog‘liq xizmati beg‘araz amalga oshiriladi, uning safar xarajatlari (transport, mehmonxona, oziq-ovqat, sug‘urta, viza to‘lovlari va boshqalar) Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator tomonidan qoplanadi;
  • mutaxassis turoperatorning so‘roviga ko‘ra O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 3 ish kunida ajratiladi;
  • 1 nafar guruh rahbariga 50 nafardan oshmagan ziyoratchilar guruhi biriktiriladi.

Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qo‘llana boshlagan hamda ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im va litsenziya uchun davlat boji undirilmasligi belgilangan.