Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni Namangan viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyatning Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Prezident viloyat sanoat mahsuloti va meva-sabzavoti asosan Toshkent va Andijon orqali eksport bo‘layotgani tannarxning o‘sishiga olib kelayotgani qayd etdi. Shu sababli mutasaddilarga Namangan xalqaro aeroportidagi bo‘sh maydonda yuk terminalini ishga tushirish, Namanganning Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish, Nanay qishlog‘i hududidagi sobiq “Karvon” bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirig‘i berildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Qirg‘iziston tomoni bilan kelishilgan holda “Uchqo‘rg‘on” bojxona postini ishga tushirishni jadallashtirish zarurligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, chegara posti yaqinida xitoylik hamkorlar bilan “Uchqo‘rg‘on-Kensay” logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan.

14-fevral kuni Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida O‘zbekistonni Qirg‘iziston bilan bog‘laydigan “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti qurilayotgani xabar qilingandi. Post “Uchqo‘rg‘on-Madaniyat” yo‘lining 10-kilometrida “Bo‘ston” mahallasida joylashgan. Jalolobod viloyati (Qirg‘iziston) Navkent tumani “Qiziltuu” qishlog‘ida joylashgan “Kengsay” bojxona postida ham shunday ishlar olib borilmoqda. “Uchurgon” va “Kengsay” chegara bojxona postlarini 2024-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.