Boeing samolyotlar xavfsizligi bilan bog‘liq qator mojarolardan so‘ng kompaniyaning eng katta inqirozi fonida rahbariyatida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lganini e’lon qildi.

Boeing bosh direktori Deyv Kalxun 2024-yil oxirida iste’foga chiqadi. Samolyot ishlab chiqaruvchi kompaniya direktorlar kengashi raisi Larri Kellner va tijorat samolyotlari bo‘limi rahbari Sten Dil ham o‘z lavozimlarini tark etishi ma’lum qilingan.

Reuters agentligining qayd etishicha, Boeing samolyotlarining bir qator nosozliklari boshqaruv tarkibidagi o‘zgarishlarga olib keldi, bu esa sohaning kompaniyaga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazdi. Oxirgi voqea yanvar oyida Alaska Air aviakompaniyasining Boeing 737 MAX 9 layneri bilan sodir bo‘ldi. Samolyot ko‘tarilishi chog‘ida favqulodda chiqish paneli uzilib ketganidan so‘ng kema favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Tekshiruv natijasida panelda to‘rtta murvat yetishmasligi aniqlandi.

Shundan so‘ng AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) Boeing 737 MAX 9 samolyoti ekspluatatsiyasini to‘xtatib, kompaniyaning sifat nazorati tizimini tekshirishni boshladi. Yanvar oyi oxirida FAA 737 MAX 9 samolyotlariga parvozlarni davom ettirishga ruxsat berildi, ammo muammolar hal etilmaguncha Boeing kompaniyasiga 737 MAX oilaviy samolyotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirmaslik sharti qo‘yildi.

Mart oyi boshida FAA Boeing kompaniyasiga tizimli sifat nazorati muammolarini hal qilish uchun keng qamrovli harakatlar rejasini tayyorlashga 90 kun vaqt berdi. The New York Times nashrining yozishicha, kompaniya 89 ta regulyator tekshiruvidan 33 tasida muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Boeing xodimlariga yo‘llagan maktubida Kalxun Alaska Airlines bortida sodir bo‘lgan voqeani “kompaniya uchun burilish nuqtasi” deb atadi. “Butun dunyoning nigohi bizda. Biz xatoliklarni bartaraf etamiz va kompaniyamizni tiklanish va barqarorlik yo‘liga qaytaramiz”, — dedi u ketishini e’lon qilayotib.

Qolaversa, Kalxunning iste’fosi samolyot ishlab chiqaruvchisining dunyodagi ko‘plab yirik aviakompaniyalar rahbarlari tomonidan tanqid qilinishi fonida sodir bo‘lmoqda, deb ta’kidlaydi CNN. Aviakompaniyalar Boeing`dan olgan samolyoti sifatidan ham, korporatsiya samolyotni o‘z vaqtida yetkazib bera olmasligidan ham ranjimoqda. Shu bilan birga, CNN`ga ko‘ra, Boeing mijozlarining uzoq kutish ro‘yxatlari va uchuvchilarni qayta tayyorlash zarurati tufayli Airbus`ga o‘tib ketishi qiyin.

  • Deyv Kalxun 2020-yilda Boeing bosh direktori lavozimini egallagandi, u 2018 va 2019-yillarda 346 kishining hayotiga zomin bo‘lgan ikkita Boeing 737 MAX halokatiga mas’ul bo‘lgan Dennis Myulenburgning o‘rnini egallagan. O‘shanda ikkala hodisaga ham laynerlar konstruksiyasidagi muammolar sabab bo‘lgandi.