Fevral oyi oxirida Suriyadagi terrorchilar safida jang qilib, jiddiy jarohatlangan o‘zbekistonlik yigit qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelingandi. O‘zA xabariga ko‘ra, jizzaxlik yigit 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

2000-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan yigit internetda Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiyning audio, videoma’ruzalarini tinglab, tomosha jarayonida Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti a’zosi bilan tanishgan.

So‘ng Turkiya orqali Suriyaga o‘tgan jizzaxlik yigit “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti a’zolari safida g‘oyaviy hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Ammo Suriya hukumati kuchlari tomonidan amalga oshirilgan harbiy amaliyotlar tufayli jiddiy jarohat olgan. Sog‘lig‘i tiklanganidan keyin terroristik tashkilotning xo‘jalik ishlariga jalb etilgan.

U 2023-yilning dekabr oyida davolanish uchun Suriyadan qo‘shni davlatga o‘tgan vaqtida qo‘lga olingach, O‘zbekistonga olib kelindi. Yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 155 prim 2-moddasi (Terrorchilik faoliyati uchun o‘quvdan chiqish) hamda 244 prim 2- moddasi (Diniy ekstremistik tashkilotlar tuzish, ularda qatnashish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, D. Raimovga nisbatan tegishli moddalarga asosan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.