Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi shifoxonalardan birining yerto‘lasida yangi tug‘ilgan chaqaloq tashlab ketilgani aytilgan xabar tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi holat 21-mart kuni sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, chaqaloqni noma’lum shaxs viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi travmatologiya bo‘limi binosining ikkinchi qavatga ko‘tarilish zinasining tagida qoldirib ketilgan. Hodisa sodir bo‘lgan joy tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan.

Chaqaloq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda tug‘ilganiga yigirma kun bo‘lgani, umumiy ahvoli qoniqarliligi, tanasida tan jarohatlari yo‘qligi aniqlangan. Hozirgi kunda u Kitob tumanida joylashgan viloyat bolalar uyiga joylashtirilgan va sog‘lom.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida tug‘ilganiga 4−5 kun bo‘lgan 2 chaqaloq ko‘p qavatli uyning kirish yo‘lagida qoldirib ketilgandi. Sumkaga solingan qiz chaqaloqlarni hudud hamshirasi topib olgan. Bolalarni kim qoldirib ketgani hozircha noma’lum.