BMT Xavfsizlik kengashi 25-mart kuni G‘azo sektorida “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish"ga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar berdi BBC News.

Hujjat, shuningdek, barcha garovga olinganlarni zudlik bilan, shartsiz ozod qilishni talab qiladi.

Bu 2023-yil oktabr oyida HAMAS Isroil hududiga hujum qilganidan keyin Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan beri BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullangan birinchi shunday chaqiriq hisoblanadi.

Bundan avval Xavfsizlik Kengashining G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyalarini bloklagan AQSh bu safar ovoz berishda betaraf qoldi, deb yozdi The Guardian.

Qabul qilingan rezolyutsiya kengashning doimiy bo‘lmagan o‘n nafar a’zosi tomonidan yozilgan va Mozambik vakili tomonidan taklif qilingan. Hujjat uchun Xavfsizlik Kengashining 14 a’zosi ovoz bergan.

“Ushbu rezolyutsiya amalga oshirilishi kerak. Rad etish kechirilmas bo‘lardi”, — deb yozdi BMT rahbari Antoniu Guterrish.