O‘zbekistonda 2024-yilning fevral oyida gaz qazib olish hajmi 3,71 milliard kub metrgacha kamaydi. Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotida bu haqda so‘z boradi, “Gazeta.uz” mazkur hujjatni o‘rgandi.

Bu o‘tgan yilning sentabr oyidan beri minimum hisoblanadi (3,77 mlrd). Yillik hisobda — 2023-yilning fevraliga nisbatan ishlab chiqarish 3,5 foizga yoki 137,5 million kub metrga, joriy yilning yanvarida esa 284,2 million kub metrga kamaydi. Taqqoslash uchun: 2019-yil fevral oyida ishlab chiqarish 4,81 milliard kub metrni tashkil etdi. Shunday qilib, so‘nggi besh yil ichida oylik ishlab chiqarish 1,1 milliard kub metrga pasaydi.

Qishning so‘nggi oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish 6,42 milliard kVt/soatni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning fevral oyiga (mamlakat energetika inqirozi yuz bergan davrga) nisbatan 547,6 million kilovatt/soatga, o‘tgan oydagi ko‘rsatkich esa 626,6 million kilovatt/soatga kam.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 80−85 foizi gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi, biroq fotoelektrostansiyalarining yangi quvvatlari ishga tushirilishi bilan ularning ulushi kamayib bormoqda.

Ko‘mir qazib olish o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 12,8 foizga oshib, hajm 301,2 ming tonnani (+34,2 ming) tashkil etdi. Raqamlar o‘tgan oyga nisbatan (357,8 ming tonna) 56,6 ming tonnaga kamaygan.

Neft qazib olish 58 ming tonnagacha (yanvarga kelib -4,1% yoki minus 2500 tonna) kamaydi, bu 2022-yil fevralidan beri eng past ko‘rsatkichdir. 2023-yilning fevraliga nisbatan pasayish 4800 tonnani (-7,6%) tashkil etdi. Ishlab chiqarish yettinchi oy ketma-ket pasaydi.

Fevral oyida ham 116,5 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu yanvar oyiga (124,6 ming) nisbatan 6,5 foizga yoki 8,1 ming tonnaga, yillik hisobda esa 7,8 ming tonnaga kamdir.

Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish bir oy davomida 22,7 ming tonnaga oshib, 72,9 mingtaga yetdi (2023-yil fevraliga nisbatan +12,7 ming).

2023-yil oxirida O‘zbekistonda gaz qazib olish qariyb 5 milliard kub metrga kamaydi. Neft va gaz kondensatini chiqarish ham pasaydi. Shu bilan birga, ko‘mir qazib olish 15,5 foizga o‘sdi — 6,2 million tonnagacha. Elektr energiyasi, benzin va dizel ishlab chiqarish ham oshdi.

O‘tgan yili O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz import qilgandi. Yetkazib berish orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichida ulkan gaz zaxiralari bo‘lishiga qaramay, bu holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganishga harakat qilgandi.

Bir necha kun oldin O‘zbekistondagi eng yirik gaz ishlab chiqaruvchi “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun yuzlab million dollar sarmoya kiritayotgani, biroq uning ishlab chiqarish hajmi pasayib borayotgani haqida yozgandik.