Toshkent shahrida aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori (“Qo‘yliq”) aksiyadorlari dastlab bozor faoliyatini tugatishni rejalashtirmagan bo‘lgan.

Avvalroq, ““Qo‘yliq” dehqon bozori faoliyati “jamiyat aksiyadorlarining 2024-yil 29-fevraldagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi qaroriga ko‘ra ixtiyoriy” tugatilgani xabar qilingandi.

Moliyachi Otabek Bakirov aksiyadorlarning 100 foizi 31-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ixtiyoriy tugatishga qarshi ovoz berganiga e’tibor qaratdi. Yig‘ilishda, aksincha, bozor faoliyatini uning hududidagi qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari yakunlanguniga qadar to‘xtatib turishga qaror qilingan.

Bundan tashqari, 24-yanvar kuni bozor kuzatuv kengashi 53,9 mlrd so‘mlik 36,4 mln dona aksiya chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Emissiya bozor faoliyatini ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinishidan bir kun oldin, 28-fevral kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, aksiyadorlik jamiyatini ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi 29-fevralda qabul qilingan qarorda 24-yanvarda qabul qilingan, bozor faoliyatini ixtiyoriy ravishda to‘xtatishni rad etishni nazarda tutuvchi qarorni bekor qilish haqida so‘z yuritilmagan.

“Tugatilishidan bir kun avval aksiyalar chiqariluvi ro‘yxatdan o‘tayapti. Tugatilmoqchi bo‘lgan jamiyat qo‘shimcha aksiya chiqaradimi? Aksiyalar chiqariluvini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadimi?”, — deya savol bergan Otabek Bakirov.

Moliyachi 42,6 mlrd so‘mlik aktivlari va atigi 315 mln so‘mlik majburiyatlari bo‘lgan ya’ni moliyaviy holati mustahkam hisoblangan “Qo‘yliq” bozorini tugatish to‘g‘risidagi qaror “bozor aksiyadorlari va boshqaruvchilarining qarori bo‘lmagani” mumkinligini va “ma’muriy bosim” ostida qabul qilingan bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.

“Qo‘yliq” ulgurji bozorining aksiyadorlari Toshkent shahar hokimligi (93,2 foiz) va mehnat jamoasi (6,8 foiz) hisoblanadi.

Bozor yopilishi

2021-yil dekabr oyida Toshkent hokimligi yo‘l kengaytirilishi munosabati bilan dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydonlari Toshkent viloyatiga, “Qo‘yliq”dan 6,5 km uzoqlikda joylashgan Food City savdo markaziga ko‘chirilishi haqida xabar bergan edi. “Gazeta.uz” “Qo‘yliq” bozorini ko‘chirish va Toshkent viloyatida yangi savdo majmuasini qurish to‘g‘risidagi qaror 2017-yildayoq qabul qilinganini yozgandi.

Bu xabarlardan so‘ng tadbirkorlar bozorning ko‘chirilishiga qarshi chiqishdi va ulardan besh nafari hibsga olingandi. Sotuvchilar 1-yanvargacha rastalarni bo‘shatib, ko‘chib o‘tishlari kerakligi haqida xatlar berilganini ma’lum qildi.

Oradan bir necha kun o‘tib bozor direktorining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Qodirjon Normirzayev O‘zAga bozor ma’muriyati sotuvchilarga bildirishnoma tarqatmaganini ta’kidladi. “Hozircha na shahar hokimiyati, na bozor ma’muriyati bizga xabar bergani yo‘q”, — degandi u.

Bektemir tumani hokimi Tapil Maxamadziyayev ulgurji oziq-ovqat bozori bosqichma-bosqich Food city`ga o‘tishini tasdiqladi. “Mahsulotlarni Qo‘yliqdagi asfaltda sotish o‘rniga, u yerda (Food city`da) sotish yaxshiroq”, — degandi u.

2022-yil iyun oyida sobiq shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent halqa yo‘lining kengaytirilishi munosabati bilan “Qo‘yliq” dehqon bozori va “Qo‘yliq” universal savdo do‘koni obyektlari joylashgan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga ruxsat bergan edi.

Hokimlik hududi shahar ehtiyojlari uchun tortib olinayotgan “Qo‘yliq” bozori buzilmasligini ma’lum qildi. Avtoturargohning bir qismi va vaqtinchalik qatorlar yo‘l o‘tkazgich qurish uchun ajratiladi.