Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida hisoblagichdagi xatolik sabab elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.

Inspeksiya huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr ta’minoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazgan. Unda Qo‘shtepa tumanida fuqaro X.T.ga qarashli meva va sabzavotlarni saqlash uchun tashkil etilgan muzlatgichda elektr hisoblagichning ulanish sxemalari xato ulangani ma’lum bo‘lgan.

Elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 716 million 429 ming so‘m miqdoridagi hisobga olinmagan elektr energiyasi qayta hisob-kitob qilingan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.