Ostona sudi sudyalar hukmi asosida Qozog‘iston sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevga rafiqasi Saltanat Nukenovaning o‘ldirilishiga doir ish bo‘yicha hukm chiqardi, deb yozmoqda Tengrinews.kz.

44 yoshli Bishimbayev o‘z xotinini o‘ta shafqatsizlarcha qiynoqqa solib o‘ldirganlikda aybdor deb topilib, 24 yilga qattiq tartibli koloniyaga ozodlikdan mahrum etildi.

Bishimbayevning amakivachchasi Baxitjan Bayjanov ham qamoq jazosiga hukm qilindi — u jinoyatni yashirganlikda ayblanib, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Hukm e’lon qilinishidan kadrlar. Qozog‘iston Oliy sudi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning 8-noyabridan 9-noyabriga o‘tar kechasi Bishimbayev Ostonadagi Bau restoranida janjal oqibatida 31 yoshli Nukenovani urib o‘ldirgan. Prokuror xulosasiga ko‘ra, Nukenova bosh miya jarohati tufayli vafot etgan. Uning yuzi va tanasida bir nechta ko‘karishlar bo‘lgan, burni singan. Ekspertiza natijalari shuni ko‘rsatganki, kaltaklar taxminan sakkiz soat davom etgan. Bishimbayev voqeani o‘z telefonida tasvirga olgan; bu yozuvlar keyinroq sudda namoyish etildi.

Sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, o‘ldirilgan Nukenovaning jasadi restoranning VIP kabinasida bir necha soat yotgan. Bu vaqtda sobiq vazir folbinga qo‘ng‘iroq qilib, rafiqasi bilan hammasi joyida yoki yo‘qligini bilib, ish uchrashuvlari o‘tkazgan va boshqa ayol bilan yozishgan.

Ayblov, shuningdek, Bishimbayev Nukenovani muntazam kaltaklab kelgani, unga ishlashni taqiqlagani va muloqot doirasini cheklaganini ko‘rsatdi.

Bishimbayev qotillikdan so‘ng darhol qo‘lga olingan. Sud majlislari 2024-yil 11-martda boshlangan. Sudda sobiq vazir rafiqasining o‘limiga sabab bo‘lgan jarohatlarni o‘zi sodir etganini tan olgan, lekin qasddan qilingan qotillik aybini tan olmagan.

  • Kuandik Bishimbayev 2016-yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017-yil yanvar oyida u juda katta miqdorda pora olganlikda ayblanib hibsga olingan. 2018-yil martida sud Bishimbayevni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilgan, biroq 2019-yil oktabr oyida sobiq vazir amnistiya akti bilan ozod etilgan.
  • Bishimbayev ishi Qozog‘istonda ham, xorijda ham keng rezonansga sabab bo‘ldi. Bu kabi jarayon mamlakat tarixida birinchi marta onlayn translyatsiya qilindi. Aprel oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonunni imzolagan edi. Odamlar tilida u “Saltanat qonuni” deb ataladi.