13−14-may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida nutq so‘zlagan Senat raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekistonda ayollar hayoti va faoliyatiga doir amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan xotin-qizlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor haqida ham so‘z yuritdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Ayol rahbar kadrlarning yangi avlodini shakllantirishda, avvalo, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratdik. Bugungi kunda xotin-qizlarga ta’lim, ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ayollar uchun imtiyozli kreditlar, maxsus kvotalar ajratildi, magistraturada o‘qiydiganlarning kontrakt to‘lovlari to‘liq davlat budjetidan qoplab berilishini davlat o‘z zimmasiga oldi. Natijada bugungi kunga kelib qiz bolani o‘qitmaslik, uyda o‘tirishi kerak, degan stereotiplarga barham berilmoqda”, — dedi u.

Yuqori palata rahbarining qayd etishicha, hozirda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda. “Agar oliy ta’limga qamrovning 2017-yildagi 9 foizni hozirgi 43 foizi qamrov bilan solishtirsak, oliy ta’limda qizlar ulushi keskin ortganini ko‘rishimiz mumkin”, — dedi Narbayeva.

“Shuningdek, ayollar shu paytgacha an’anaviy bo‘lgan ta’lim, tibbiyot, tikuvchilik yo‘nalishlaridan tashqari raqamli iqtisodiyot, informatsion texnologiyalar kabi ilg‘or sohalarga faol kirib keldi. Albatta, kelajakda bu ishlar yanada faollashtiriladi va o‘zning ijobiy natijasini beradi”, — deya qo‘shimcha qildi Senat raisi.

Ma’lumot uchun, forumda 30 dan ziyod mamlakat va xorijiy tashkilotlarning 400 nafarga yaqin vakillari hamda ekspertlar ishtirok etmoqda. Xususan, BMT bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus, Parlamentlararo ittifoqning bosh kotibi Martin Chungong va boshqalar qatnashmoqda.