Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida fuqarolarning yirik miqdordagi kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan mas’ullar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qo‘qon shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda fuqarolar Sh. U. va A.V. — Toshkent shahridagi G-W. va E.-W. MCHJlar mas’ul shaxslari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 19 nafar fuqaro nomiga tijorat banki filiallaridan jami 6,3 mlrd so‘m avtokredit olgani aniqlangan.

Ular ushbu kredit hisobidan fuqarolarga avtomashinalarni yetkazib bermasdan, kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.