Uzbekistan Airways yil boshidan buyon 5 mln yo‘lovchini tashidi

28-dekabr kuni Uzbekistan Airways yil boshidan beri 5 millioninchi yo‘lovchisini ro‘yxatga oldi. Bu tashuvchi uchun yillik rekord ko‘rsatkichdir. 2022-yilda bu raqamlar 4,2 mln ni tashkil etgan.

Oilaviy tadbirkorlarga 5 nafargacha ishchi yollashga ruxsat berildi

O‘zbekistonda yuridik shaxs tashkil etmagan oilaviy tadbirkorlik subyektlari besh nafargacha doimiy ishchi yollashi mumkin bo‘ldi. Ilgari bu raqam uchtani tashkil etardi.

Anastasiya Bodnaruk tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi

Rossiyalik Anastasiya Bodnaruk Samarqandda o‘tkazilgan shaxmatning rapid turi bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston vakilalari orasida eng yaxshi natijani 14 yoshli Afruza Hamdamova ko‘rsatdi. U 117 nafar shaxmatchi ichida 34-o‘rinni egalladi.

Toshkent shahrining 2024-yilgi budjeti tasdiqlandi. Daromadlar qanday oshadi?

Toshkent shahri kengashi 2024-yilgi budjetni tasdiqladi. Bu yil ham jamoatchilik muhokamasi va jonli efir bo‘lmadi. YAHM o‘sishi tezlashishi kutilmoqda. Aholidan olinadigan daromad solig‘i, davlat tashkilotlari foydasidan olinadigan daromadlar keskin oshishi hisobiga budjet 8 trln so‘mni tashkil etadi.

O‘zbekistonda 1-apreldan ayrim yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi

Prezident qarori bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi. Reyestrdagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularga hamroh shaxsga 1 yilda 1 marta temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar ajratiladi.

O‘zbekiston aholisi bu yil ham Yangi yil bayramini qorsiz kutib oladi

Juma kunidan O‘zbekistonga sovuq hamda nam havo kirib keladi va harorat 0 darajagacha tushadi. Dam olish kunlari yog‘ingarchiliksiz o‘tadi va O‘zbekiston aholisi bu yil ham Yangi yil bayramini qorsiz kutib oladi. 1-yanvarga kelib harorat +13 darajaga yetadi.

31-dekabr kuni Toshkentda avtobuslar ham soat 01:00 gacha ishlaydi

Poytaxtda avtobuslar ham 31-dekabr kuni metropoliten kabi (farqi — o‘sha kuni metrodan foydalanish bepul) soat 01:00 gacha ishlaydi. “Toshshahartransxizmat” bayram tadbirlari o‘tkaziladigan 18 ta manzilga olib boruvchi avtobus yo‘nalishlarini e’lon qildi.

Yanvarda qanday ob-havo bo‘lishi kutilmoqda?

Yanvar oyida havo harorati me’yorga yaqin, ba’zi joylarda me’yordan 1−1,5 daraja yuqori bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar qildi O‘zgidromet. Yil quruq va iliq havo bilan boshlanadi. Harorat kechalari qisqa davrga −10…−13 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin. Yog‘ingarchilik ba’zi joylarda me’yordan kam bo‘ladi.

“Ai-80 benzini, isitishda mazut va ko‘mirdan foydalanish”. O‘zgidromet rahbari — Toshkent havosi ifloslanishi sabablari haqida

O‘zgidromet rahbari Sherzod Habibullayev “Daryo”ga bergan intervyusida Toshkent shahri havosining ifloslanish sabablari haqida gapirdi. Unga ko‘ra, sovuq havoda isitish tizimlari gazdan tashqari mazut va ko‘mir bilan ishlagan, gaz shoxobchalarining yopilishi esa Ai-80 benzini iste’molining oshishiga olib kelgan.

Samarqand shahri uchun Xitoydan 10 ta avtobus olib kelindi

Xitoyning CRRC kompaniyasidan Samarqand shahri jamoat transporti uchun 10 ta avtobus keltirildi. Yana 20 ta shunday avtobus olib kelinishi reja qilinmoqda.

O‘zbekistonda avtomobillar va elektromobillar importini cheklash rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda avtomobillar va elektromobillarni olib kirish qoidalarini qat’iylashtirish rejalashtirilmoqda. 2024-yildan boshlab jismoniy shaxslarga tijorat maqsadlarida avtomobil importi taqiqlanishi mumkin. Yangi xorijiy avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibiga qaytish taklif qilinmoqda.

Rossiya Ukraina shaharlariga ommaviy ravishda raketa zarbalari berdi

Rossiya armiyasining Ukraina shaharlariga so‘nggi paytlarda bergan eng yirik zarbasi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, 80 dan ortiq kishi jarohatlandi. Kiyev, Lvov, Xarkov, Odessa va Dneprda portlashlar bo‘ldi. “Rossiya o‘z arsenalidagi deyarli hamma narsa bilan zarba berdi”, — dedi Ukraina prezidenti.

Toshkent va Namangan viloyatlarida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi

O‘zgidromet 30-dekabrdan 2-yanvarga qadar Toshkent va Namangan viloyatlarining bir qator hududlarida qor ko‘chishi xavfini e’lon qildi.

Endi har qanday yoshdagi farzandining kontraktini to‘lagan ota-onalar daromad solig‘idan ozod qilinadi

Prezident imzolagan qonun bilan endi har qaysi yoshdagi farzandining kontrakt pullarini to‘lagan ota-onalar daromad solig‘i to‘lamaydi. Ilgari bu faqat 26 yoshgacha bo‘lgan farzandlar uchun taalluqli edi. Soliq huquqbuzarligi sodir etilganda aybdor 3 yil ichida jazolanishi kerak.

Izboskan tumaniga hokim tayinlandi

Elyorbek Karimov Andijon viloyati Izboskan tumaniga hokim bo‘ldi. Hududni 5 yil davomida boshqarib kelgan Serobiddin Ismoilov bir necha kun oldin mansab vakolatini suiiste’mol qilish va yer berish tartibini buzishda ayblanib qamoqqa olingandi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola:

Nima ko‘ramiz? “Gazeta.uz” o‘zbek tahririyati jamoasi tavsiya qiladi

Salkam 140 yil avval, 1885-yilning dekabrida aka-uka Lyumerlar tarixda ilk bor katta ekranda film namoyishini uyushtirgandi. Ham shu tarixiy voqea munosabati bilan, ham bayram dam olish kunlarini maroqli o‘tkazish uchun “Gazeta.uz”ning o‘zbek tahririyati jamoasi film tavsiyalari bilan o‘rtoqlashadi.