10-oktabr kuni Farg‘ona viloyati huquq-tartibot idoralari bloger Olimjon Haydarovga nisbatan tergovni yakunlab, 13-oktabr kuni ishni Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudiga o‘tkazdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 10-oktabr kuni tergov organi Haydarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish), 165-moddasi 2-qismi “a” “b” bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish) bilan ayb e’lon qilingan. Unga 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Sud muhokamasi sanasi keyinroq e’lon qilinadi, dedi Oliy sud.

Uning advokati Dilshod Jabborov “Gazeta.uz”ga, blogerga qo‘yilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmagan, deb hisoblashini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, 29-iyul kuni huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi qarorida qayd etilishicha, bloger o‘t o‘chirish mashinalari o‘tish uchun masofa kengaygani sababli savdo rastalari maydoni qisqargani haqida tanqidiy material tayyorlagan (iyun oyida bozorda yirik yong‘in sodir bo‘lgan, hodisa payti tor yo‘laklar tufayli o‘t o‘chiruvchilar o‘tib keta olmagani xabar qilingan).

Mahbusning ukasi Olimjon Haydarovning o‘ziga tayanib xabar berishicha, u Bog‘dod tumanida ko‘chada tanishi bilan gaplashib turganida ichki ishlar xodimlari kelib, qo‘lini orqasiga qayirib, akamning mashinasiga pul tashlab, majburlab qo‘lini [kimyoviy ishlov berilgan pulga] tekkizdirishgan. Ushbu ma’lumot tasdiqlanmadi yoki rad etilmadi.