28-sentabrga o‘tar kechasi kuchli portlash sodir bo‘lgan Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi omborxonada yonuvchi moddalar bo‘lmagan. Bu haqda Interlogistics qo‘shma korxonasiga qarashli Xalqaro logistika markazi (United Cargo Center) “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

“Bizda portlash xavfi bo‘lgan narsalar saqlamagan. Portlashga nima sabab bo‘lganini biz bilmaymiz. Bizda uchqun paydo bo‘lishiga olib keladigan yonuvchan narsalar yo‘q edi”, — dedi majmua vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan birinchi omborxonadagi muzlatgichda margarin, kungaboqar yog‘i, mayonez va ketchup saqlangan.

Shuningdek, u portlashda ombor xodimlaridan hech biri jabrlanmaganini ta’kidladi.

Majmua haqida nimalar ma’lum?

benif ltd, interlogistics, united cargo center, omborxonadagi portlash, тошкент, халқаро logistika markazi

Saytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, logistika majmuasi yangi tashkil etilgan Interlogistics MCHJ QK korxonasi negizida, 2017-yil mart oyida ish boshlagan. obyektga Xalqaro logistika markazi — United Cargo Center nomi berilgan.

Majmua tovarlarni qabul qilish, saqlash, bojxona rasmiylashtiruvi va jo‘natish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Kompleksdagi yuklar yopiq omborda, shiypon omborida yoki ochiq maydonda, shuningdek, konteynerlarda saqlanishi mumkin.

Majmua hududida bojxona xizmati faoliyat ko‘rsatadi. Tovarlarni olib kirish va olib chiqishda deklaratsiya va bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi. To‘liq yoki qisman bojxona ko‘rigi o‘tkaziladi, yuklar IM-70, IM-40 kabi turli bojxona rejimlarida rasmiylashtiriladi.

Meva va sabzavotlar, go‘sht, sut va boshqa ma’lum harorat sharoitlarini talab qiladigan mahsulotlar muzlatgich va muzlatgich kameralari bo‘lgan omborlarda saqlanadi.

Interlogistics kompaniyasi 2016-yil 11-avgustda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi noturar joyni ijaraga berish va boshqarish bo‘lib, ustav kapitali 48,9 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Rahbar sifatida Firdavs Saitdinov ko‘rsatilgan bo‘lib, muassislari Dubayning Integra Benefit Investments LLC (78,9 foiz) korxonasi va Benif LTD (21,1 foiz) hisoblanadi.

Benif LTD 1995-yil sentabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan. U ham noturar joyni ijaraga berish va boshqarish bilan shug‘ullanadi, ustav kapitali — 3,7 mln dollar. Korxona rahbari — Rustam Abdushukurovich Payziyev. Muassislar qatorida yana Integra Benefit Investments LLC (80,7 foiz) va Madad-Tijorat (19,3 foiz) qayd etilgan. Madad-Tijorat kompaniyasiga Baxtiyor Ilyasovich Irgashev va Shoira Shamsutdinovna Irgasheva egalik qiladi.