Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Samat Abishga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. U 2022-yil yanvarida ommaviy norozilik namoyishlari chog‘ida hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda MXQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, tergovga qadar tergov jarayonining borishi oshkor etilmaydi, chunki “tergov katta miqdordagi maxfiy hujjatlarni o‘rganishni nazarda tutadi”.

Qo‘mita, shuningdek, “Konstitutsiya normalariga muvofiq, qonun va sud oldida hamma teng”ligi, tergov natijalariga ko‘ra “qonuniy protsessual qaror” qabul qilinishini ta’kidladi.

Sobiq xavfsizlik xodimi ayni damda Qozog‘istondan chiqib ketmaslik to‘g‘risidagi tilxat bilan mamlakatda bo‘lib turibdi, deya aniqlik kiritdi Tengrinews.

Bosh prokuratura xabari yanvar voqealari bo‘yicha ayblanuvchi sifatida ko‘rilayotgan KXQning sobiq xodimi Ruslan Iskakov bir kun avval Olmaotadagi sudda namoyishlar chog‘ida Samat Abishning buyrug‘ini bajarganini aytgani ortidan chiqdi.

Samat Abish Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani. U 2015-yildan buyon MXQ raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, ammo namoyishlar ortidan ko‘p o‘tmay o‘z lavozimini tark etgan. KazTAGning qayd etishicha, yanvar voqealaridan oldin Abish norasmiy ravishda Qozog‘iston rahbari lavozimiga asosiy da’vogarlar qatoriga kiritilgan edi.

O‘shanda yanvar oyida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev MXQ rahbari Karim Masimovni ishdan bo‘shatgan edi. Keyinroq u davlatga xiyonat qilishda gumonlanib hibsga olingan. Aprel oyida sud Masimovni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

2-yanvar kuni Qozog‘iston g‘arbida gaz narxi oshishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, keyinchalik bu norozilik boshqa shaharlarga, jumladan, Olmaota va Ostonaga ham tarqaldi. Namoyishchilarning talablari ijtimoiy-iqtisodiy talablardan siyosiyga o‘zgardi. Jumladan, ular Nazarbayevning Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimidan ketishini talab qilishdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Keyinchalik bu voqealar qozoqchada “Qandy Qantar” degan ma’noni anglatuvchi “Qandy Qantar” nomi bilan mashhur bo‘ldi.